O‘zbekiston Axborot kodeksi loyihasi 14 dekabr kuni jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingandi. Shundan so‘ng prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan hujjat jamoatchilik vakillari, ayniqsa, bloger va jurnalistlarning bir qancha e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

«Gazeta.uz» quyida qonunning qabul qilinish zaruriyati, unda qanday o‘zgarishlar nazarda tutilayotgani haqida so‘z yuritadi va faollarning munosabatini keltiradi.

Loyiha mohiyati va mazmuni

Hujjat 50 ta manfaatdor vazirlik va idoradan kelishuvdan o‘tkazilgan bo‘lib, 5 ta moddadan tashkil topgan. Ushbu qonunga ilova tarzida 4 ta bo‘lim, 14 ta bob, 131 ta moddadan iborat bo‘lgan Axborot kodeksi tasdiqlanmoqda.

Kodeksda quyidagi 8 ta qonun o‘zaro unifikatsiya qilinishi orqali tizimlashtirilgan:

  • «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonun;
  • «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun;
  • «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi qonun;
  • «Bolalarni ularni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun;
  • «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ochiqligi to‘g‘risida»gi qonun;
  • «Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun;
  • «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonun;
  • «Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida»gi qonun.

Ta’kidlanishicha, qonunni shakllantirishda axborot qonunchiligi O‘zbekiston qonunchiligiga qisman yaqin hisoblangan MDH davlatlari tajribasi hamda MDH PA Axborot kodeksi model loyihasi o‘rganilgan.

Yangi qonun nima beradi?

Mazkur qonunning qabul qilinishi natijasida fuqarolik jamiyatining huquqiy asoslari takomillashadi, ya’ni axborot sohasining tarqoq holdagi, biroq mazmunan o‘xshash va tartibga solish qamrovi o‘zaro yaqin bo‘lgan 8 ta qonun bitta normativ-huquqiy hujjat shaklida bir kodeksga jamlanadi, ulardagi ayrim eskirgan va uz kuchini yo‘qotgan normalar chiqarib tashlanib, o‘rniga amaldagi qoidalar kiritiladi, deyiladi loyiha ilovasida.

Asosiy o‘zgarishlar va munosabatlar

Loyihaning 4-moddasi (Axborot olish erkinligi)da «Axborot olish faqat qonunga muvofiq hamda inson huquq va erkinliklari, konstitutsiyaviy tuzum asoslari, jamiyatning axloqiy qadriyatlari, mamlakatning ma’naviy, madaniy va ilmiy salohiyatini muhofaza qilish, xavfsizligini ta’minlash maqsadida cheklanishi mumkin» ekani ta’kidlab o‘tilgan.

Kodeks loyihasining 6-moddasida esa axborot ochiq va oshkora bo‘lishi kerakligi, maxfiy axborot bundan mustasnoligi va qanday axborot maxfiy emasligi keltirib o‘tilgan, ammo maxfiy axborot turlari bo‘yicha aniq izoh va ma’lumot aytib o‘tilmagan.

Shuningdek, 8-modda (Axborotning haqqoniyligi)da «Axborot aniq va haqqoniy bo‘lishi kerak. Axborotni buzib talqin etish va soxtalashtirish taqiqlanadi. Ommaviy axborot vositalari, axborot tarqatuvchilar, blogerlar o‘zlari tarqatayotgan axborotning haqqoniy emasligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar» deyilgan.

Bu moddaning so‘nggi qismi «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning (7-modda) to‘ldirilgan shakli bo‘lib, unda tarqatilayotgan axborotning haqqoniy emasligi uchun nafaqat OAV va axborot manbai, balki axborot tarqatuvchilar hamda blogerlar ham javobgar ekani ko‘rsatilgan.

Bloger Nurbek Alimov ushbu modda yuzasidan shunday post qoldirdi: «Mana bu moddani qarang, bu modda bilan har qanday blogerni, OAVni sudlab sindirib yuborish mumkin. Masalan, birorta OAV saytida material chiqdi, sen u saytga ishonasan, avtoriteti baland. Shunga tayanib yozsang, sen ham qamaqqa marhamat, agar uning xabari yolg‘on deb topilsa. Bo‘mapti. Jazolash ilk manbaga nisbatan bo‘lishi kerak. Hammada ham insayderlar yo‘q mustaqil tasdiqlatib olish uchun. Xabarning yolg‘onligi sud tomonidan isbotlangach, qolgan manbalar bu xabarni o‘chirib yuborish majburiyatini olishi kerak, xolos, jazolanish kerakmas boshqa OAVga tayanib yozgan mualliflar».

Telegram`dagi «Habikatura» kanali blogerlar nomi ham javobgarlikda keltirilganiga atab quyidagi karikaturani e’lon qildi:

axborot kodeksi, blogerlar, jamoatchilik эътирози, jurnalistlar, оав

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev ham 8-moddaga e’tibor qaratib, kodeksda «noto‘g‘ri», «noxolis», «ishonchsiz», «haqqoniy» kabi gaplar kamroq yoki umuman bo‘lmasligi tarafdori ekanini bildirdi.

«Kim va qanday belgilaydi u yoki bu xabarning noto‘g‘ri yo ishonchsiz ekanini? Nega aynan o‘chirib tashlash kerak, raddiya bersa yetarli emasmi? Bahsli masalalar, xullas. Ham, qaysidir ma’noda, erkinlikni cheklaydi. Ayniqsa, OAV axborot manbai bilan birgalikda javobgar bo‘lishi haqidagi gap. Javobgarlik axborot manbaiga o‘tib ketadigan bo‘lsa (nafaqat rasmiy va agentlik xabarlari bilan bog‘liq holatlarda, balki barcha holatlarda ham), yaxshiroq bo‘lardi», — deyiladi postda.

Jurnalist, shuningdek, kodeks hozirda mavjud 10 ga yaqin hujjatning jamlanmasi ekani, yuqorida keltirilgan «OAV o‘zi tarqatayotgan axborotning haqqoniyligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi», degan norma aslida 20 yil avval yozib qo‘yilganini ta’kidlagan.

«Aytmoqchi bo‘lganim, shuncha ovoragarchilik bilan yangi bir hujjat qabul qilinayotgan ekan, shu bahona eski, yoshini yashab, oshini oshab bo‘lgan hujjatlar bekor qilinayotgan ekan, kodeksga bloger, internet va yana bir qator yangicha so‘z va tushunchalarni kiritish bilan kifoyalanmaylikda, oxirgi besh-olti yildan beri e’lon qilinayotgan bayonot va va’dalarga mos kelmaydigan normalarni ham chiqarib tashlaylik», — deya o‘z taklifini bergan bloger.

Bundan tashqari, «Bir jinslilar o‘rtasidagi g‘ayritabiiy aloqalarni targ‘ib qilish» iborasi amaldagi qonunlarda mavjud emas, biroq taklif etilayotgan kodeks loyihasining ikki moddasida uchraydi.

45-modda. Internet jahon axborot tarmog‘ida axborot xavfsizligini ta’minlash — ushbu modda Axborotlashtirish to‘g‘risidagi qonunning 12−1-moddasi «Hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish»ning to‘ldirilgan shakli hisoblanadi:

«Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan yoxud boshqa axborot resursidan… pornografiyani, zo‘ravonlikni va shafqatsizlik, bir jinslilar o‘rtasidagi g‘ayritabiiy aloqalarni targ‘ib qilish, shuningdek o‘z joniga qasd qilishga da’vat etish… maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart».

54-modda. Ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi — OAV to‘g‘risidagi qonuning shu nomdagi 6-moddasining to‘ldirilgan shakli: «Ommaviy axborot vositalaridan… pornografiyani, bir jinslilar o‘rtasidagi g‘ayritabiiy aloqalarni targ‘ib etish… maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi».

Loyihaning 79-moddasi ommaviy axborot vositalari uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanishi bilan bog‘liq. Unda OAV foto va videomateriallarni tayyorlash maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsatnoma olish orqali tegishli davlat organi tomonidan belgilab berilgan hududlarda, 100 metrgacha bo‘lgan balandlikda, vazni 3 kgdan ziyod bo‘lmagan uchuvchisiz uchadigan apparatlar (dron)dan foydalanishi mumkin bo‘lishi keltirilgan.

Ta’kidlanishicha, tegishli ruxsatnoma berilgan uchuvchisiz uchadigan apparatlardan tahririyat xodimining shaxsiy manfaatlarida foydalanish taqiqlanadi.

Loyihada, shuningdek, bloger, bolalarning sog‘lig‘i, bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot kabi tushunchalarga ham izoh berib o‘tilgan.

45-modda — xavfli

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Nozima Davletova o‘zinining Facebook sahifasida qonun loyihasi bo‘yicha munosabat bildirib, «bunday kodeksni yaratish g‘oyasining o‘zi juda ajoyib» ekani haqida yozdi.

Shuningdek, u loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishidan oldin yakuniy hujjatning ayrim bandlari davlat nazoratchisi tomonidan Mass-media fondiga taqdim etilmagani uni tashvishga solayotganini ham aytib o‘tdi.

«Jamiyat, davlat va davlat ramzlariga nisbatan tahqirlovchi xarakterga ega yoki hurmatsizlik (shuningdek, behayo so‘zlarni ishlatgan holda) ifodalangan axborotni cheklash to‘g‘risida»gi 45-modda xavflidir. Biz har qanday fuqaroni jinoyatchiga aylantira oladigan bunday mavhum ta’riflar bilan so‘z erkinligini himoya ham qila olmaymiz va, albatta, mustahkamlay ham olmaymiz. Busiz ham, jurnalistlar va blogerlarning kuchli shaxsiy senzurasi hamda endilikda ulardagi mavjud qo‘rquv, haqiqiy so‘z erkinligi rivojlanishiga faqatgina to‘siq bo‘lishi mumkin, xolos», — deydi fond Vasiylik kengashi raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tartib va qonunlarga rioya etish har ikki tomonning mushtarak harakatlari bilan amalga oshirilsa, samarali kechadi.

«Huquqiy jamiyat uchun davlat idoralarining ochiqligi, jurnalistikaning yuqori standartlari, mediasavodlik qonunlardagi noaniq tushunchalardan ko‘ra sermahsulroqdir. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi so‘z erkinligi to‘g‘risidagi har qanday qonun hujjatlariga aniq va tushunarli ta’riflarni kiritishga chaqiradi. Axir maqsad taqiqlar jamiyatini emas, balki huquqiy jamiyatni yaratishda-ku, shunday emasmi?» — deya yakunladi Nozima Davletova.

Ma’lumot uchun, AOKA taqdim etgan mazkur qonun loyihasi muhokamalari 29 dekabr kuni yakuniga yetadi.