O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining seshanba kuni bo‘lib o‘tgan 36-yalpi majlisida «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri ma’qullandi. Qonun quyi palata tomonidan 25 oktabr kuni qabul qilingan.

Yozda senatorlar qonun loyihasini rad etishgan, shundan so‘ng u parlamentning ikki palatasi a’zolaridan iborat kelishuv komissiyasi tomonidan qayta edi. Hujjat prezident tomonidan imzolanishi kerak. Shundan so‘ng u uch oy muddatda, tamaki mahsulotlari, tamaki va nikotin iste’mol qilish vositalariga qo‘yiladigan qadoqlash va markalash talablari to‘g‘risidagi qoidalar esa bir yil ichida kuchga kiradi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Senat raisi Tanzila Narbayeva alkogol va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste’mol qilishni cheklash umummilliy harakatga aylanishi kerakligini ta’kidladi.

«Gap odamlar salomatligi, birinchi navbatda, yoshlar — millat kelajagi haqida bormoqda… Biz jamiyatda sog‘lom turmush tarzini joriy etishga intilamiz va qonun bu yo‘lda muhim qadam bo‘lishiga ishonamiz», — dedi u.

Tanzila Narbayeva qonun yetarli darajada keng qamrovli ekani, uning barcha normalari amalda ishlashi kerakligini ta’kidladi.

Qonun alkogol va tamaki mahsulotlarini, shuningdek, tamaki va nikotinni iste’mol qilish uchun vositalarini 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga (hozirda bu chegara 20 yosh), 21 yoshga to‘lmagan shaxslar tomonidan sotish taqiqlaydi.

Ushbu mahsulotlarni sotuvchining bevosita ishtirokisiz, shu jumladan savdo avtomatlari va boshqa elektron yoki mexanik qurilmalar orqali, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish javonlaridan hamda elektron tijorat ko‘rinishida sotish (bundan ko‘piklanadigan va tabiiy vinolar mustasno), shu jumladan, har qanday usul bilan yetkazib berish taqiqlanadi.

Ushbu mahsulotlarni ko‘chma va sayyor savdo yo‘li bilan (qo‘l, lotoklarda, savatchalarda, qo‘l aravachalarida), ko‘chmas savdo obyektlaridan tashqarida, dorixonalarda va bolalar tovarlarini sotish uchun mo‘ljallangan binolarda sotish taqiqlanadi. Shuningdek, bolalar o‘yinchoqlari, shirinliklari yoki boshqa bolalar mahsulotlariga taqlid qiluvchi bunday mahsulotlarni sotish ham taqiqlangan.

Alkogolli va tamaki mahsulotlari hamda tamaki va nikotindan foydalanishga mo‘ljallangan vositalarini sog‘liqni saqlash tashkilotlari, ta’lim muassasalari, madaniyat muassasalari, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari, sanatoriylar va tibbiy-ijtimoiy muassasalar hududida sotish mumkin emas.

Ushbu mahsulotlarni sotadigan ko‘chmas savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari ta’lim, sport va diniy tashkilotlar hududidan (bu so‘z amaldagi normani to‘ldiradi) to‘g‘ri chiziqda 200 metrdan kam masofada joylashtirilishi mumkin emas. Maktablar va bolalar bog‘chalari yonida sigaret va spirtli ichimliklar do‘konlari joylashgan bo‘lsa, bu holatni do‘konlar va nazorat idoralari 200 metrlik o‘lchov maktab eshigidan boshlab hisoblangan, deb asoslashar edi.

200 metr chegara umumiy savdo maydoni 1000 kv.m dan ortiq bo‘lgan savdo majmualari (bozorlar) va yarmarka pavilonlari hududida joylashgan savdo obyektlariga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Qonun ushbu mahsulot texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga javob bermasa va mahsulot sifatini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmasa, uni sotishni taqiqlaydi.

Agar iste’mol idishida tibbiy ogohlantirish bo‘lmasa, tamaki mahsulotlarining iste’mol o‘ramida 20 dan kam sigareta bo‘lsa, iste’mol o‘ramisiz (paketi, bloki) yoki donalik (sigaretalar uchun) bo‘lsa, ushbu mahsulotlarni sotish taqiqlanadi.

Temir yo‘l vokzallari, avtovokzallar, aeroportlar, daryo portlari, metro bekatlarining hududlari va xonalarida (boj olinmaydigan do‘konlar bundan mustasno) tamaki mahsulotlarini, shuningdek tamaki va nikotindan foydalanishga mo‘ljallangan vositalarni sotish taqiqlanadi.

Alkogolli mahsulotlar (pivo bundan mustasno) minimal ulgurji va chakana narxlardan past narxlarda sotilmaydi.

Alkogol va tamaki mahsulotlarini, shuningdek, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarini sotishni bevosita amalga oshirayotgan shaxs 21 yoshdan kichik ko‘ringan xaridordan uning shaxsi va yoshini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatishni talab qilishi, hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda esa alkogol va tamaki mahsulotlari sotishni rad etishi shart.