O‘zbekistonning Xitoyga gaz yetkazib berish statistikasi Xitoy tomoninikidan bir necha barobar past bo‘lib chiqdi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 11 oy davomida 910,8 mln dollarlik, shu jumladan, noyabr oyida 39,6 mln dollarlik gaz eksport qilgan. Bugungi kunda mamlakat gazni faqat Xitoyga yetkazib bermoqda.

Biroq Xitoy statistik ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon O‘zbekiston tomonidan yetkazib berilgan gaz hajmi 1,03 mlrd dollarni (O‘zbekiston tomoni ma’lumotlaridan 13 foizga ko‘p), noyabrda esa 114,2 mln dollarni (farq qariyb 3 barobar) tashkil etgan.

«Gazeta.uz» avvalroq gaz statistikasidagi farqlar haqida xabar bergan edi. Xususan, oktabrda, O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, jami 91 mln dollarga gaz eksport qilgan bo‘lsa, Xitoy tomoni 148,5 mln dollarlik o‘zbek gazi importini ma’lum qilgan.

Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekistonda tashqi savdo ko‘rsatkichlarining shakllantirilishi «Davlat va bojxona tashqi savdo statistikasi ma’lumotlarini yig‘ish va qayta ishlash uslubiyati to‘g‘risida»gi (AV 2007 yil 20 sentabr, 1717-son) nizom talablari asosida yuritilishini ma’lum qildi.

Ushbu nizomning 5-bandi bilan Davlat bojxona qo‘mitasi hisobot davridan keyingi har oyning 7-sanasigacha tezkor, har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15 yanvarigacha esa O‘zbekiston tashqi savdo bojxona statistikasining me’yoriy hujjatlarini hisobga olgan holda, tovarlar tashqi savdosi ma’lumotlari bazasi bo‘yicha aniqlashtirilgan ma’lumotlarni Davlat statistika qo‘mitasiga taqdim etadi.

Shuningdek, O‘zbekiston 2020 yil 10 fevraldagi «Bojxona yuk deklaratsiyasini o‘zgartirish, unga qo‘shimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish, qaytarib olish va bekor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom»da keltirilgan sabablarga ko‘ra, bojxona yuk deklaratsiyasi qayta ko‘rib chiqilishi belgilangan.

«Mazkur Nizomda ko‘zda tutilgan holatlar bo‘yicha bojxona yuk deklaratsiyasiga Bojxona kodeksida belgilangan muddat ichida aniqlik kiritilishi natijasida, amalga oshirilgan tovarlar eksport-importi miqdori va qiymati, shu jumladan statistik qiymati o‘zgarishi mumkinligini ta’kidlaymiz», — deyiladi xabarda.

Shuni inobatga olib, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladigan va e’lon qilinadigan oylik press-reliz ma’lumotlarida «Dastlabki» yoki «Tezkor» degan yozuv kiritilishi ta’kidladi. Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladigan statistik ma’lumotlar nufuzli xalqaro moliyaviy va iqtisodiy tashkilotlar, xususan Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki va boshqalar tomonidan rasman tan olinib kelinmoqda.

«Yanvar-noyabr oylarida Davlat bojxona postlaridan bojxona deklaratsiya rasmiylashtirib o‘tilgan tabiiy yoki sun’iy gaz eksporti qiymati 910,9 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu ma’lumotlar idoraviy ma’lumot sifatida Davlat statistika qo‘mitasiga taqdim etilgan», — deyiladi xabarda.

Issiqlik elektr stansiyalarida gaz taqchilligi kuzatilgani sababli yuzaga kelgan elektr energiyasini uzatishda uzilishlar kuzatilishi munosabati bilan energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev 16 noyabr kuni O‘zbekiston gaz eksportini qariyb to‘liq to‘xtatgani, elektr energiyasi esa ichki ehtiyojlarni qondirishga yo‘naltirilayotganini ma’lum qilgan edi.

«Raqamlarga kelsak, agar kunlik prognoz ko‘rsatkichlari bo‘yicha 10 mln kub metr gaz eksporti rejalashtirilgan bo‘lsa, hozirgi eksport hajmi 1 mln kub metrga ham yetmaydi», — degandi energetika vaziri o‘rinbosari o‘shanda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston noyabrda 28,5 mln dollarlik gaz va 16,5 mln dollarlik elektr energiyasi import qilgan, deya ma’lumot beradi Davlat statistika qo‘mitasi.