O‘zbekistonda hokimlarni saylash tizimiga o‘tish Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi o‘zgarishlarga bog‘liq. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov ma’lum qildi.

mahalliy kengashлар, hokimlar сайлови, толибжон мадuмаров, конститuциявий ислоҳот

«Undagi (Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha qonun loyihasi (.pdf) nazarda tutilmoqda — tahr.) 99, 100, 101-moddalarda mahalliy kengashlarning bo‘linishi (hokimiyat va kengash ajratilishi — tahr.) masalasi qo‘yilgan. Ya’ni, hokim mahalliy kengashga raislik qilmaydi, mahalliy kengashga deputatlar ichidan alohida rais saylanadi. Hokim esa xalq tomonidan saylanadi. Bular qonunda turibdi. Keyingi yilga referendum o‘tsa, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ma’qullangach, bu tartib kuchga kiradi. Lekin ungacha tayyorgarligimiz bor, biz buyoqdagi barcha normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlab qo‘ydik», — dedi Madumarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi, «Mahalliy kengash nazorati to‘g‘risida»gi qonunlarning loyihalari ishlab chiqilgan, tayyor turibdi. «Bu qonun loyihalarida hokimlarni saylash ham ko‘zda tutilgan. Konstitutsiya ma’qullanganidan so‘ng tizim va shakl qonun bilan o‘zgaradi», — dedi senator.

Ma’lumot uchun, 25 iyun kuni e’lon qilingan Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga ko‘ra, yangilanayotgan Konstitutsiyaning 99, 100 va 101-moddalarida hokimlarni saylash haqida so‘z bormaydi. 99-modda hokimlar endi xalq deputatlari kengashlariga raislik qilmasligi haqida bo‘lsa, hokimlarni kim tayinlab, ishdan olishi 102-moddada ko‘rsatilgan va bu masala amaldagi Konstitutsiyadagi kabi o‘zgarishsiz qolgan: viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarini prezident tayinlab, ishdan oladi, shahar va tumanlar hokimlarini esa viloyat va Toshkent shahri hokimlari tayinlab, ishdan oladi.

Qayd etish joiz, prezident Shavkat Mirziyoyev hokimlarni lavozimga saylashni birinchi bor 2016 yilning dekabrida taklif qilgandi. 2017 yilning avgustida u hoziroq hokimlarni xalq saylashi tizimini joriy etishga tayyorligini bildirgandi. 2020 yilning sentabr oyida davlat rahbari yana bir bor, «Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz», deya ta’kidlagandi.

2021 yilning fevralida deputat Rasul Kusherbayev xalq hokimlarni saylashga tayyor emasligi haqidagi fikrga ko‘shilmasligini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ruxsat berayotganlarning o‘zi tayyor emas». «Ularda qo‘rquv bo‘lishi mumkin. Qaysi ma’noda, ular xohlagan odamni, odamlar saylamasligi mumkin», — degandi u.

2021 yilning martida esa Shavkat Mirziyoyev mamlakat hokimlarni saylashga hozir tayyormi, degan savolni qo‘ygan. Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida u: «Hokimlar ham saylansin, degan gaplar ham juda ko‘p aytilayapti. Buni men o‘zim ham aytganman. Lekin bir savol bor: hokimlarni saylashga biz hozir tayyormizmi? Biz bitta mahalla raisini ham adolatli saylay olmaymiz-ku», — deya ta’kidlagan.

Bundan tashqari, 2022 yil boshida «Gazeta.uz» 2019 yilgi Davlat dasturiga ko‘ra, 6 oy ichida hokimlarning xalq deputatlari kengashi raisi maqomini bekor qilishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilgani, biroq qabul qilinmay qolib ketgani haqida yozgandi. Adliya vazirligi o‘shandayoq loyihani huquqiy ekspertizadan o‘tkazib, ijobiy xulosa bergan. Qonunchilik palatasi ma’lum qilishicha, «hujjat quyi palataga kelib tushmagan, shu sababli muhokama qilinmagan». O‘sha vaqtda bu ishlarning ijrosiga mas’ul bo‘lganlar esa boshqa ishga o‘tib ketgan.