Toshkentda jamoat transporti uchun mo‘ljallangan yo‘laklardan foydalangan va o‘z avtomobilini bekatlarga qoidaga zid ravishda qoldirib ketgan haydovchilarga chora ko‘rish bo‘yicha yangi tizim ishga tushadi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi depertamenti yo‘l-harakat xavfsizligi boshqarma boshlig‘i Fazliddin Toshkenboyevning ma’lum qildi.

«Avtomobillarning yo‘l yoqalariga tartibsiz qoldirib ketish holatlari juda ko‘p. Buning oldini olish maqsadida jamoat transportlariga videoregistratorlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu orqali inson omilini cheklagan holda qoidabuzarlarga nisbatan jazo choralarini qo‘llash yo‘lga qo‘yiladi», — dedi Toshkentboyev.

Toshkenboyevning qayd etishicha, avtobus haydovchilarining bilim-ko‘nikmalarini oshirish maqsadida ular bilan alohida suhbatlar, tushuntirishlar va ekspress kurslar tashkil etilyapti.

«Bundan tashqari, yangi haydovchilarni jamlash bo‘yicha ishchi guruh tashkil qildik va 200 dan ortiq haydovchilar bilan qisqa muddatli o‘quvlar tashkil etyapmiz. Shundan so‘ng ularni maxsus sinovdan o‘tkazamiz va shundan so‘ng ular bilan shartnoma imzolanadi», — dedi Fazliddin Toshkenboyev.