O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 dekabr kuni elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ning hukumatdagi axborot manbasi ma’lum qildi.

Qarorni qabul qilishdan asosiy maqsadlardan biri «Yashil iqtisodiyot» texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, elektromobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash orqali havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini qisqartirishdan iborat.

Hujjatga muvofiq, elektromobillar ishlab chiqarishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilmoqda va ushbu tizim ishlab chiqarishni quyidagi tartibda yo‘lga qo‘yadigan barcha investorlarga nisbatan teng tatbiq etilishi belgilanmoqda:

  • birinchi bosqichda, 24 oy davomida ishlab chiqarish ishlab chiqarishning to‘liq sikli, jumladan kuzovning kamida 50 foizini payvandlash, bo‘yash, yig‘ish va avtomobillarni sinashni yo‘lga qo‘yish;
  • ikkinchi bosqichda, 36 oy davomida oyna, o‘rindiq, plastik qismlar, eshik qoplamalari, instrumentlar paneli, bamper kabi butlovchi qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yoki kooperatsiya asosida mahalliylashtirish.

Elektromobillarni sanoat usulida ishlab chiqarish davlat tomonidan quyidagilar orqali qo‘llab-quvvatlanadi:

  • 2030 yil 1 yanvarga qadar respublikada ishlab chiqarilgan elektromobillar utilizatsiya yig‘imidan, shuningdek, ularning butlovchi qismlari, jihozlar, xomashyo materiallari va servis xizmat ko‘rsatish uchun ehtiyot qismlari bojxona bojidan ozod etiladi. Utilizatsiya yig‘imi miqdori elektromobillar uchun 9 mln so‘m va gibrid avtomobillar uchun 36 mln so‘m, 2024 yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan 15 mingta avtomobil uchun imtiyoz utilizatsiya yig‘imidan 337,5 mlrd so‘mni, bojxona bojidan 48,4 mlrd so‘mni tashkil etishi kutilmoqda;
  • investorlarga ishlab chiqarish jarayoni o‘zlashtirilgunga qadar (24 oydan oshmagan) yiliga 10 ming donadan (ishlab chiqarish quvvatlarining 50 foizidan) ko‘p bo‘lmagan elektromobillarni mashinokomplekt (SKD) yoki tayyor avtomobil (CBU) holatida bojxona boji va utilizatsiya yig‘imi to‘lamasdan olib kirishga ruxsat beriladi. Bojxona to‘lovlari 1 dona elektromobil uchun 800 dollarga (utilizatsiya yig‘imi), 1 dona gibrid avtomobil uchun 6,9 ming (utilizatsiya yig‘imi — 3,2 ming, bojxona boji — 3,3 ming) dollarga kamayadi. 10 mingta avtomobil uchun imtiyoz 450−550 mlrd so‘mni tashkil etadi.
  • respublikada ishlab chiqarilgan elektromobillarni sotib olishga olingan 360 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan kredit foizlarining 15 foizdan oshgan, biroq 10 foiz punktidan oshmagan qismini qoplash uchun kreditning dastlabki 36 oyida davlat budjetidan kompensatsiya to‘lanadi.

Kompensatsiya to‘lovi 1 dona avtomobil uchun 3 yilga 59,1 mln so‘mni,10 mingta avtomobil uchun 591,2 mlrd so‘m bo‘ladi. Kreditning oylik to‘lovi 1,642 mln so‘mga (8,7 mln so‘mdan 7 mln so‘mgacha) kamayadi.

Kredit foizlarining bir qismini qoplash uchun Davlat budjetidan yillik o‘rtacha 100 mlrd so‘m mablag‘ sarflanishi (1 ta elektromobil uchun 59,1 mln so‘m) kutilmoqda.

Koreya (1−6 ming dollar), Yaponiya (3,2−6,5 ming dollar), AQSh (4,5−7,5 ming dollar) va Xitoy (0,8−2 ming dollar) kabi davlatlarda aholiga elektromobil sotib olish uchun kompensatsiya to‘lanadi.

2030 yil 1 yanvarga qadar elektromobillarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi shaxslar litsenziya uchun litsenziya uchun davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.

2023−2025 yillarda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar va davlat ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lgan korxonalar tomonidan elektromobillar xarid qilinishi bo‘yicha maqsadli parametrlar tasdiqlanmoqda.

Elektromobillar, ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro standartlarni, shuningdek, Yevropa, AQSh va Xitoy kabi davlatlar organlari tomonidan berilgan sertifikatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini tayyorlash topshirilmoqda.

Avvalroq 2024 yildan boshlab barcha yangi savdo, ko‘ngilochar va biznes markazlari, yoqilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar va avtomobil yo‘llar bo‘yidagi infratuzilmalarda majburiy tartibda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari joylashtirilishi haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 10 oktabr kuni elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish qamrovini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishish jarayonida mahalliy elektromobil xaridi uchun olingan kredit foizining bir qismi qoplab berilishi belgilangan edi.