15 dekabr, payshanba kuni, prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davomida hududlarda energiya ta’minotini yaxshilash masalasiga ham to‘xtaldi. Davlat rahbari aholini energiya resurslari bilan ta’minlashda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish masalasiga to‘xtalib, resurslarning noo‘rin sarflab, sotib yuborilganini qattiq tanqid ostiga oldi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

13 dekabr kuni prezident Uchtepa tumanining «Shirin» mahallasidagi aholi yashaydigan ko‘p qavatli turar-joy binolarni ko‘zdan kechirgandi.

Muz qoplangan trotuardan yurib turib, prezident bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida shahar hokimi Jahongir Artikxodjayev, tuman hokimi Farhod Abdullayev va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov va boshqa mutasaddi rahbarlarga noroziligini bildirgandi.

«Kuni-kecha Uchtepani aylanib, pastdagi ahvol bo‘yicha xulosalarimni qildim. Ichki ko‘chalar, uy-joylar oldi tozaligini ham sizlarga Prezident aytishi kerak-mi?» — dedi Prezident.

Hududlarga so‘nggi yillarda 30 mingdan ortiq shtat berilib, mahallalarda sharoitlarni yaxshilash uchun bu yilning o‘zida 12 trillion so‘m berilgani ko‘rsatib o‘tildi.

Tuman hokimining 6−7 nafar o‘rinbosari, 4 ta sektor rahbari, mahalla raislari, boshqaruv kompaniyalari shu oddiy ishlarni qila olmagani, xonadonlarga kirib, aholi bilan muloqot qilmagani tanqid qilindi.

Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar uchun bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Achilbay Ramatov, «O‘zbekneftgaz» raisi Mehriddin Abdullayev, «Issiqlik elektr stansiyalari» raisi Farhod Abduraxmanov, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» raisi Dadajon Isakulov, «Hududiy elektr tarmoqlari» raisi Ulug‘bek Mustafoyev, «O‘ztransgaz» raisi Behzod Normatov, «Hududgazta’minot» raisi Baxodir Eshmurodovga «hayfsan» berildi.

«Agar ular odamlarni aniq reja va tahlil bilan ogohlantirganida, adolatli haqiqatni aytganida, odamlarimiz to‘g‘ri tushunib, norozi bo‘lmas edi», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shuningdek, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari va ushbu rahbarlarga ikki oy davomida favqulodda rejimda ishlashga topshiriq berildi.