O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu 13 dekabr kuni Vashingtonda yillik strategik sheriklik muloqotini o‘tkazdi. Uning natijalari bo‘yicha qo‘shma bayonot AQSh Davlat departamenti tomonidan taqdim etildi.

AQSh nomidan Donald Lu O‘zbekistonga C5+1 diplomatik formatidagi asosiy ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirdi va ushbu formatning «muammolarni birgalikda hal qilish va yanada farovon va xavfsiz Markaziy Osiyoni yaratish uchun muhimligini» ta’kidladi.

Hukumat vakillari O‘zbekistonni isloh qilish dasturini ham muhokama qilar ekan, AQSh Davlat kotibining yordamchisi ularni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlab, AQSh hukumati iqtisodiyot, ta’lim va inson huquqlari sohalaridagi islohotlarni ilgari surishda yordam berayotganini ta’kidladi.

Delegatsiyalar ikki mamlakatda savdo-investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirish va ishbilarmonlik faolligi uchun qulay muhitni saqlab qolish qat’iy ekanini qayd etdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston va AQSh hukumatlari vakillari ommaviy axborot vositalari erkinligi, jurnalistlarni himoya qilish va fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi.

Tomonlar Afg‘oniston borasidagi sa’y-harakatlarni ham muhokama qilib, AQSh O‘zbekistonga gumanitar yordam ko‘rsatishdagi hamkorligi uchun minnatdorlik bildirdi.

Delegatsiyalar chegara nazorati va mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, giyohvandlik va terrorizmga qarshi kurash kabi asosiy xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik masalasiga ham e’tibor qaratdi. Donald Lu O‘zbekiston mintaqada tinchlik va xavfsizlikka sodiqligini aytib o‘tdi.

Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning yangi savdo yo‘llarini yo‘lga qo‘yish va import-eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish, mintaqaviy aloqani mustahkamlash, chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha global majburiyatni qabul qilish va iqlim inqiroziga qarshi kurashish bo‘yicha boshqa sa’y-harakatlarni, shuningdek, mamlakatning iqtisodiy islohotlarni, jumladan, xotin-qizlar masalasida ham targ‘ib qilish istagini mamnuniyat bilan qabul qildi. Qo‘shma Shtatlar ushbu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi, deyiladi bayonotda.

Donald Lu, shuningdek, O‘zbekistonning tinchlik korpusi dasturini qayta tiklashdan manfaatdor ekanini yuqori baholadi. Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari jiddiy kasalliklar xavfiga qarshi kurashish va yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlikni davom yettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi. O‘zbekiston va AQSh strategik sheriklik muloqoti «tomonlarni qiziqtirgan chuqur masalalar bo‘yicha umumiy til topishishda muhim ahamiyatga ega» ekanini tasdiqladi. Vladimir Norov va Donald Lu uni 2023 yilda yana o‘tkazishga rozi bo‘lishdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik muloqoti 2021 yilda «ikki tomonlama munosabatlarning ajralmas qismi bo‘lgan keng ko‘lamli masalalar va umumiy ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qilish maqsadida» ochilgan edi.

Avvalroq, 12 dekabr kuni Vladimir Norov AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan ham uchrashgandi. Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, Ukraina va Afg‘oniston xalqlarini qo‘llab-quvvatlash va «Markaziy Osiyodagi o‘zgaruvchan geosiyosiy manzara sharoitida sheriklik» masalalarini muhokama qildi.

«Davlat kotibi, shuningdek, joriy yilda Qoraqalpog‘istonda tartibsizliklarda ayblanayotganlarga nisbatan to‘liq va oshkora tergov va Odil sudlov o‘tkazish muhimligini ta’kidladi», deyiladi xabarda. Avvalroq, AQSh Nukus voqealari ishtirokchilarining sud jarayoni boshida shunday murojaat bilan chiqqandi.

Entoni Blinken O‘zbekistonda joriy etilgan islohotlarni mamnuniyat bilan qabul qildi va hukumatni inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish, fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash, ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlash va gender tenglik asosidagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish chora-tadbirlarini to‘liq amalga oshirishga chaqirdi.

AQSh Davlat kotibi mamlakatning O‘zbekistonning ishonchli hamkori bo‘lishi va Markaziy Osiyoda farovonlik, xavfsizlik va demokratiyani ta’minlashga hissa qo‘shishi bo‘yicha istagini yana bir bor tasdiqladi.