Bosh prokuratura Qoraqalpog‘istonda 1−2 iyul kunlari yuz bergan voqealarni o‘rganish bo‘yicha Mustaqil parlament komissiyasining ochiq murojaatiga qaytargan javobida 22 ayblanuvchi ishtirokidagi sud jarayoni nima uchun Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tayotganini tushuntirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Nukus shahridagi 2-sonli tergov hibsxonasida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli u yerda saqlanayotgan mahbuslar boshqa yaqin viloyatlardagi hibsxonalarga taqsimot asosida ko‘chirilgan.

«Shu munosabat bilan, Qoraqalpog‘iston hodisalari bo‘yicha ayblangan shaxslar Buxoro vlioyatida 4-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgani sababli, sud majlisi Buxoro viloyat sudi binosida o‘tkazilmoqda», — deyiladi idora axborotida.

Bosh prokuratura sud jarayoni uchun sudya qanday tayinlangani bo‘yicha ham izoh bergan. Ma’lumot uchun, 22 ayblanuvchi ishtirokida Buxoroda davom etayotgan sud jarayoniga Qoraqalpog‘iston sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Yelubay Abibullayev raislik qilmoqda.

«Sudlarga kelib tushgan jinoyat ishlari Oliy sudning E-Sud axborot tizimi tomonidan ish yuklamasidan kelib chiqib, sudyalar o‘rtasida taqsimlanadi. Mazkur jinoyat ishi ham dastur tomonidan inson omilini istisno etgan holda Ye.Abibullayevga taqsimlangan», — deya ta’kidlangan Bosh prokuratura axborotida.

Avvalroq Nukus voqealari bo‘yicha jami 171 kishi ayblanayotgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Bosh prokuratura matbuot xizmati Nukus voqealarida namoyishchilarga qarshi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘qotar quroldan foydalanilgani holati bo‘yicha alohida jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Komissiya Bosh prokuraturadan guvohlar so‘roq qilib bo‘linganidan keyin sud jarayonlarining onlayn namoyishi yana davom ettirilishi-ettirilmasligi yuzasidan ham javob olgan (Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, guvohlar so‘roq qilinayotgan vaqtda jarayonni onlayn namoyish etish taqiqlangan).

Bosh prokuratura javobida ta’kidlanishicha, sud jarayonlarining taraflar muzokarasi bosqichida OAV vakillari tomonidan onlayn namoyish etilishiga sudning tashabbusi bilan yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasiga ko‘ra, raislik etuvchi sud tomonidan ruxsat etilishi mumkin.

Qayd etish joiz, «Gazeta.uz» ushbu sud jarayonlaridan onlayn-translyatsiyalar uyushtirgan yagona OAV bo‘ldi. Shuningdek, sayt jarayon tafsilotlarini yoritib borgan yagona nashr bo‘ldi.

Sud jarayoni ochiq bo‘lib, uni jurnalistlar va kuzatuvchilar kuzatib borishi mumkin.