Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonning Buxoro viloyatida umumiy quvvati 1 GVt gacha bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasini qurish va foydalanishga topshirishga ko‘maklashish uchun qiymati 520 mln dollargacha bo‘lgan ikkita sindikatlangan kredit ajratdi, deb xabar qildi bank matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil yanvar oyida O‘zbekiston hukumati va Saudiyaning ACWA Power kompaniyasi o‘rtasida Buxoro viloyatining Peshko‘ va G‘ijduvon tumanlarida ikkita shamol elektr stansiyasi qurish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi. ACWA Power ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun ikkita: Dzhankeldy Wind va Bash Wind loyiha kompaniyalarini tashkil etdi.

YeTTBning Bash Wind kompaniyasi uchun 277 mln dollargacha bo‘lgan krediti YeTTBning 150 mln dollargacha bo‘lgan A krediti hamda tijorat banklariga sindikatsiyalanadigan 127 mln dollargacha bo‘lgan V kreditidan iborat bo‘ladi.

Hisobotda aytilishicha, yangi shamol stansiyasi yiliga 1650 GVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va karbonat angidrid (CO2) chiqindilarini yillik 930 ming tonnaga kamaytirishga yordam beradi.

Dzhankeldy Wind kompaniyasiga YeTTBning 243 mln dollarlik krediti YeTTBning 150 mln dollar miqdoridagi A kreditidan iborat bo‘ladi, qolgan 93 mln dollari esa tijorat banklariga sindikatlanadi.

Bu elektr stansiyasi yiliga 1550 GVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi va CO2 chiqindilarini yillik 890 ming tonnaga kamaytirishga yordam berishi kutilmoqda.

Ikkala loyiha ham Deutsche Investitions und Entwicklungsgesellschaft (DEG), Proparco, Standard Chartered Bank va tijorat banklari tomonidan birgalikda moliyalashtirilishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi YeTTB.

O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalarini joylashtirish rejasi 2030 yilgacha 12 GVt quyosh va shamol energiyasini yaratishga qaratilgan, deb eslatib o‘tdi YeTTB.