O‘zbekistonda yangi Air Samarkand xususiy aviakompaniyasi paydo bo‘ldi. Bu haqda Spot kompaniya bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Salohiddin Nasirov va parvozlarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Svetlana Isyanovga tayanib xabar bermoqda.

Tashuvchi Samarqand xalqaro aeroportiga joylashadi. Kompaniya tranzit parvozlarini amalga oshirish imkoniyatini yaratgan holda yirik peresadka uzellariga uchishni rejalashtirmoqda. Xususan, Istanbul, Antaliya, Dubay, Abu-Dabi, Doha, Dehli, Jidda, Moskva, Sankt-Peterburg, Sochi, Qozon, Yekaterinburg, Samara, Tel-Aviv kabi 14 ta muntazam yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Aviachiptalar narxi alohida e’lon qilinadi.

Hozirda kompaniya ikkita o‘rta masofali Airbus A320 samolyotiga ega. Ikkalasi ham full economy konfiguratsiyaga ega: salonda 180 ta ekonom-klass o‘rindiqlari (Y) mavjud. Yil davomida kompaniya biznes-klass o‘rindiqlariga ega bir nechta yangi A320 va A330 samolyotlarini olishni rejalashtirmoqda. Bu esa yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini oshiradi, dedi kompaniya vakillari.

«Air Samarkand loukoster sifatida rejalashtirilmagan. Biz adolatli, oqilona va raqobatbardosh narx siyosatiga amal qilamiz. Bu, ayniqsa, yengil yuk bilan qatnovchi sayohatchilar uchun arzon narxlarni anglatadi. Tariflar samolyotda ovqatlanishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, bortda ko‘ngilochar tizimni taqdim etamiz», — dedi parvozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Svetlana Isyanova.

Kompaniya Samarqand va unga yaqin viloyatlar, jumladan, Navoiy va Buxorodan potensial yo‘lovchi tashish hajmini taxminan 4,5 mln kishi deb hisoblamoqda.

Aviakompaniya kimga tegishli?

air marakanda, air samarkand

Air Samarkand savdo belgisiga 2022 yilning 4 aprelida ro‘yxatdan o‘tgan Sam Air kompaniyasi egalik qiladi. Asosiy faoliyat turi — yo‘lovchi havo transporti. Ustav kapitali — 2,48 mlrd so‘m. Ta’sischilar sifatida Baxtiyor Shuxratovich Fazilov (51%) va Baxodir Ismailovich Gafurov (49%) ko‘rsatilgan.

Baxtiyor Fazilov, shuningdek, 99 foiz Kiprning Belvor Holdings kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Sanoat Energetika Guruhi Enera`da minoritar ulushga egalik qiladi. U Eriell Group (u asosiy aksioneri ekanligi xabar qilingan edi) va Enter Engineering (O‘zbekistondagi yirik EPC-pudratchilardan, aksionerlari orasida — «Gazprombank» ham bor) neft-xizmat ko‘rsatish kompaniyalari boshqaruvi raisi ham hisoblanadi.

Bundan tashqari, u Samarqandda turistik majmua qurgan Samarkand Touristic Centre kompaniyasiga, shuningdek, boshqa bir qator kompaniyalarga ham egalik qiladi. Bundan tashqari, tadbirkor Samarqand aeroportini boshqarish huquqini qo‘lga kiritgan Air Marakanda kompaniyasi (unga ish va xizmatlar narxlari chet el valyutalariga bog‘lanishiga ruxsat berilgan) bilan ham aloqador.

Bahodir Gafurov O‘zbekiston Xokkey federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti hisoblanadi.

«Gazeta.uz» avvalroq Samarqandda tashkil etilayotgan aviakompaniya lizing asosida uchta A320 samolyoti va ikkita vertolyot sotib olishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Aviatashuvchi «Umra» dasturi doirasida Saudiya Arabistoniga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Taqdimot roligida Air Marakanda logotipi tushirilgan samolyotlar ko‘rsatilgandi.