Moskva avtobuslarida o‘zbek, qirg‘iz va tojik tillarida soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini olish evaziga Rossiya Qurolli Kuchlari safiga qo‘shilish haqidagi e’lonlar efirga uzatilmoqda.

9 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Moskva avtobuslaridan birining salonidagi ekranda o‘zbek tilida Rossiya armiyasi safiga qo‘shilish chaqirig‘i efirga uzatilgani aks etgan fotosurat tarqaldi.

«Rossiya Qurolli Kuchlarida shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatga kirganingizda, siz Rossiya Federatsiyasi Prezidentining farmoniga muvofiq soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini olishingiz mumkin», — deyiladi e’londa.

Moskvadagi avtobuslar va elektroavtobuslar uchun mas’ul bo‘lgan «Mosgortrans» DUK TASS va РБКga e’lonlar haqiqatan ham ko‘rsatilganini, ammo allaqachon olib tashlanganini tasdiqladi.

Kompaniyaning xabar berishicha, e’lonlar «Saxarova» migratsiya markazi rahbariyatining iltimosiga binoan MS1, MS2 va MS3 yo‘nalishlaridagi avtobuslarda ikki oy muddatga joylashtirilgan. «Hozirda xabarlar efirdan olib tashlandi», — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

sentabr oyida Vladimir Putin RF fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga Rossiya armiyasida xizmat qilish uchun shartnoma imzolagan xorijliklarning fuqarolik olishini osonlashtiradigan o‘zgartirishlarni ma’qullagan edi. Unga ko‘ra, chet ellik kontrakt ishchilariga yashash uchun ruxsatnoma taqdim etmasdan fuqarolikni olish uchun ariza topshirishga ruxsat berildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xorijdagi vatandoshlarni qurolli kuchlar safiga qo‘shilmaslik va jangovar harakatlarda qatnashmaslikka chaqirdi hamda buning uchun jinoiy javobgarlikdan ogohlantirdi.

Tong Jahoni va «Rus sidyaaya» huquqni himoya qilish tashkilotlari rahbarlari Valentina Chupik va Olga Romanova «Gazeta.uz»ga Rossiyada mehnat qilayotgan va hibsdagi O‘zbekiston fuqarolari Ukrainaga urushga qanday jalb qilinayotgani haqida so‘zlab berishdi (xuddi shu materialda Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolariga yordam ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan huquqni himoya qilish tashkilotlari raqamlari mavjud).