Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida AI-80 markali benzinning sutkalik ishlab chiqarish hajmi 850 tonnadan 1000 tonnaga, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi esa 30 tonnadan 50 tonnaga oshirilmoqda, deya xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bu boradagi ishlar respublika aholisining energiya resurslariga ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan.

Ushbu rejalarni amalga oshirish maqsadida FNQIZda benzin va suyultirilgan uglevodorod gazi hajmlarini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar tashkil etildi.

«Xususan, uglevodorod xomashyosini birlamchi qayta ishlashni o‘rnatishdan avval uglevodorod xomashyosining kerakli tarkibini tanlab, zavodning ishlab chiqarish quvvatlarini yuklashning optimal sxemasi aniqlandi. Shu bilan birga, Aspen Unified PIMS dasturiy yechimi asosida FNQIZda ishga tushirilgan optimallashtirilgan rejalashtirish modeli imkoniyatlaridan foydalaniladi», — deyiladi xabarda.

Rejalashtirilgan ko‘rsatkichlar bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borish va muammolarni tezkor hal etish uchun FNPZ buyrug‘i bilan korxona va ishlab chiqarish sexlari rahbarlaridan iborat tezkor shtab tuzildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda kuzatilayotgan sovuq ob-havo sharoitida birinchi navbatda aholi va ijtimoiy obyektlarni tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar kiritilgan. Toshkent shahri va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida esa metan «zapravka»lar butunlay yopilgan. Bu holat, o‘z navbatida, benzinga bo‘lgan talabni oshirdi. Tarmoqlarda AYOQSHlarda benzin narxlari oshgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Biroq «O‘zbekneftgaz» bir necha bor benzin narxlari oshganini rad etdi. Antimonopoliya qo‘mitasi esa benzin narxini sun’iy ravishda oshirganlarga chora ko‘rilishinidan ogohlantirdi.

Energetika vazirligi esa narxni oshirgan va sifatsiz mahsulot sotgan 299 ta AYOQSHga benzin yetkazib berish to‘xtatilganini ma’lum qildi.