Prezident qaroriga ko‘ra, 1 dekabrdan haydovchilar qoidabuzarligi uchun jarima ballarni hisoblash boshlanishi xabar qilingandi. IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ushbu tizim 1 dekabrdan test rejimida ishga tushganini ma’lum qildi. Biroq yangi tizim to‘g‘risida jamoatchilik, xususan, haydovchilar o‘rtasida u qanday ishlashi va uni onlayn kutazib borish mumkin yoki yo‘qligi haqida savollar tug‘ildi.

Shuni inobatga olib «Gazeta.uz» YHXX boshlig‘i Olim Saidov bilan suhbatlashib, mazkur tizim haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni oldi.

— Jarima ballari qanday hisoblanadi?

— Jarima ballari qoidabuzarlik uchun belgilangan jarima puli, aniqroq aytilsa, bazaviy hisoblash miqdoriga qarab belgilanadi. Bunda BHMning 1 baravariga (hozirgi kunda 300 ming so‘m) 0,5 ball beriladi.

Bir qoidabuzarlik uchun maksimal 5 ball hisoblanishi mumkin. Ballarni hisoblash birinchi qoidabuzarlik sodir etilgan sanadan boshlab, bir yil davomida olib boriladi.

— Jarima ballarini qanday kuzatib borsa bo‘ladi?

— Jarima ballarini haydovchilar mobil ilova orqali kuzatib borishlari mumkin bo‘ladi.

Tizim shunday yo‘lga qo‘yilganki, birinchi jarimangiz haqida mobil ilova yoki SMS orqali xabar beriladi, [jarima ballari] 8 ballga yetganda haydovchi rasmiy ravishda ogohlantiriladi.

— Jarima ballari 12 balldan oshsa nima bo‘ladi?

— Jarima ballari 12 balldan oshgandan so‘ng, hujjatlar to‘plami sudga taqdim etiladi. Haydovchini avtomobil boshqarish huquqidan sud qarori bilan 3 yilga mahrum etiladi. Avtomobil boshqarish huquqidan mahrum etilgan haydovchi qayta rulga o‘tirsa jinoiy javobgarlikka tortish taklifi kiritilmoqda.

1 yil davomida qoida buzmagan haydovchilarga keyingi yil hisobidan birinchi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun 2 ball hisoblanmaydi.

— Avtomobil ijara asosida boshqarilganda qoidabuzarlik sodir bo‘lsa, jarima ballari transport egasiga yoziladimi yoki haydovchiga?

— Yaratilayotgan mobil ilovaga avtomobil egasi va uni ishonchnoma orqali (ijara asosida) kim boshqarayotgani haqida to‘liq ma’lumotlar kiritiladi.

Qoidabuzarlikni ijara asosida avtomobil haydayotgan shaxs buzsa, lekin jarima bali transport egasiga yozilgan taqdirda tomonlar qoidabuzarlikni kim sodir etgani haqida tegishli hujjatlarni taqdim etadi, shundan so‘ng jarima ballari qoidani buzgan shaxs nomiga yoziladi.

— Test rejimi qachon tugaydi?

— Qoida buzgan haydovchilarga jarima ballarini hisoblash tizimi qonunchilik masalasi, tizimning texnik jihati va uni amaldagi tizimlarga integratsiyalash yakunlanganidan so‘ng to‘liq ishga tushiriladi.