O‘tgan kun davomida Toshkent IIBB xodimlari tomonidan doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan 25 nafar fuqaroga yordam ko‘rsatildi, deya xabar qildi boshqarma matbuot xizmati.

Xodimlar tomonidan ularga issiq choy va taom berilib, Toshkent IIBB Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markaziga joylashtirildi. Ulardan ba’zilariga shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatildi.

IIBB xodimlari shu kunlarda ko‘chalarni nazorat qilishdan tashqari, ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalari va kirish joylari, qurilishi tugallanmagan binolar, issiqlik trassalari va muayyan yashash joyi bo‘lmagan shaxslar sovuqdan yashirinishi mumkin bo‘lgan boshqa boshqa joylarni ko‘zdan kechirishmoqda.

Jumladan, Yunusobod tumanida PPX xodimlari tomonidan sovuqdan qiynalib, isitish quvuri ustida o‘tirgan noma’lum erkak aniqlangan. Fuqaro zudlik bilan Yunusobod tumani IIO FMBga olib borildi. So‘ngra unga issiq choy va taom berilib, shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Shuningdek, Algoritm mavzesidagi avtobus bekatida IIO xodimlari mast holatda uxlab yotgan noma’lum erkakni aniqladi. Zudlik bilan chaqirilgan tez tibbiy yordam brigadasi tomonidan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, u muzlab qolmasligi uchun Uchtepa tumani IIO FMBga yetkazilgan.

Chilonzor 11-mavzeda joylashgan ko‘p qavatli uy oldidagi beton yo‘lakda noma’lum erkak yotganligi aniqlangan. Surishtiruvlar davomida uning doimiy yashash joyi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Fuqaro zudlik bilan Uchtepa tumani IIO FMBga olib borilgan. So‘ngra unga issiq choy va taom berilib, shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Yunusobod tumani «Mingchinor» mahallasida yashovchi fuqarolardan biri tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, ko‘p qavatli uy hovlisidagi piyodalar yo‘lagida, qor ustida noma’lum erkak yotganligini ma’lum qilgan. Voqea joyiga yetib kelgan PPX xodimlari erkakning mast holatda ekanligini aniqlab, uni hushiga keltirmoqchi bo‘ldilar va tez tibbiy yordam brigadasini chaqirtirgan. Kuchli sovuqqotgan fuqaro zudlik bilan kasalxonaga olib borilganligi sababli, hayoti saqlab qolindi.

IIBB fuqarolardan boshpanasiz qolgan va ko‘chada yordamga muhtoj bo‘lib muzlab qolayotgan fuqarolar aniqlangan taqdirda, 102 raqamiga xabar berish yoki bevosita yaqin atrofda xizmat qilayotgan ichki ishlar organlari xodimlariga murojaat qilishni so‘radi.

Avvalroq, noqulay ob-havo sharoiti tufayli ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ichki ishlar organlarining barcha shaxsiy tarkibini kuchaytirilgan xizmat rejimiga o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqni imzolagani xabar qilingandi.