O‘zbekiston tashqi siyosiy kun tartibini milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda shakllantiradi, shuning uchun Fransiya bilan hamkorlikni kuchaytirishning Ukrainadagi voqealarga aloqasi yo‘q. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov «Ozodlik» radiosiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Har qanday davlat tashqi siyosiy kun tartibini o‘zining milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda belgilaydi. Bizning ham tashqi siyosiy kun tartibimiz davlatimizning manfaatlaridan kelib chiqqan holda, pragmatik yondoshuvga asoslangan holda [shakllantiriladi]. Qandaydir geosiyosiy voqeliklarga yoki geosisiy konekturaga bog‘liq emas», — dedi Sherzod Asadov.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Fransiyaga tashrif ikki davlat hamkorligi samarasi ekanligiga to‘xtalib o‘tdi: «Yevropa Ittifoqi bizning asosiy iqtisodiy va siyosiy hamkorlarimizdan biridir. O‘zaro faol hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash har ikkala tomonning ham manfaatlariga mos keladi», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan 21−22 noyabr kunlari, so‘nggi to‘rt yil ichida ikkinchi marta rasmiy tashrif bilan Parijda bo‘ldi. Yelisey saroyida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda prezidentlar «har tomonlama yuqori darajadagi hamkorlik»ni rivojlantirishga kelishib olishdi. Shuningdek, Parijda 6 mlrd yevrodan ortiq qiymatdagi savdo-iqtisodiy kelishuvlar hamda shartnomalar imzolandi.

Noyabr oyi boshida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan Global Gateway konferensiyasi o‘tkazilgan, unda suv energetika masalasi hamda mintaqani sun’iy yo‘ldosh internet tarmog‘iga ulash to‘g‘risidagi tashabbuslar ilgari surilgan edi.