O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt sedanining yangilangan versiyasini ishlab chiqarish boshlanishi mumkin. Bu haqda «Bankir» Telegram-kanali xabar qildi.

«Gazeta.uz»ning UzAuto Motors`dagi manbasi General Motors bilan modelni lokalizatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda va Braziliyadan sinovdan o‘tkazish uchun avtomobil prototipini olib kelgan.

Ishlab chiqarish muddati ma’lum qilingani yo‘q, biroq 2024 yil boshidan yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda UzAuto Motors aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifi (IPO) anderrayteri hisoblangan Freedom Broker kompaniyasi saytida so‘z boradi.

Kompaniya modellari haqidagi bo‘limning Cobalt modeliga tegishli qismida Next generation (yangi avlodi) yozuvini ko‘rish mumkin.

Dastlab, yangi Cobalt avtomobilini 2019 yildan boshlab chiqarilishi rejalashtirilgan edi. Biroq «O‘zavtosanoat» raisining birinchi o‘rinbosari Azizbek Shukurov kompaniya General Motors bilan hamkorlikning yangi konsepsiyasiga o‘tayotgani, unga ko‘ra ishlab chiqaruvchi avtomobillar qatorini Amerika korporatsiyasi bilan bir qatorda yangilashini aytgandi.

«Yangi Cobalt unchalik yangi emas. Braziliyadagi GM kompaniyasining o‘zida bu loyiha 2016 yilda amalga oshirilgan, shu (2019 — tahr.) yil oxirida Cobalt [ishlab chiqarishdan] olib tashlanadi. Biz eski modellarning ortidan chopishdan foyda yo‘qligini his qildik. O‘zbekistonda yangi Cobalt chiqarish rejalari bekor qilindi», — deya tushuntirgandi u.

Cobalt ixcham budjetli sedan bo‘lib, O‘zbekistonda 2012 yildan ishlab chiqarilgan, modelning tashqi ko‘rinishi o‘shandan beri o‘zgarmagan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 10 oyi davomida UzAuto Motors tomonidan 263 488 dona — 85 892 dona yoki 2021 yilning shu davriga nisbatan 48,3 foizga ko‘p avtomobil ishlab chiqarilgan. Ulardan Cobalt umumiy ishlab chiqarishning deyarli uchdan bir qismini — 81311 tani tashkil etdi. Yil oxirigacha kompaniya 100 ming dona Cobalt ishlab chiqarishi kutilmoqda, bu esa eng massiv modelga aylanadi. Ushbu model Qozog‘iston bozorida ham yetakchi hisoblanadi.