Rossiya O‘zbekiston bilan atom sanoati sohasida hamkorlikni mustahkamlashni muhim deb biladi. Bu haqda RF bosh vaziri Mixail Mishustin 2 dekabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiya yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri, bu — energetikadir. Mazkur sohasiga kiritilgan Rossiya sarmoyalarining umumiy hajmi 12 mlrd dollarni tashkil etadi.

«Kecha Abdulla Nig‘matovich (O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov — tahr.), biz hamkasblarimiz bilan bir qator loyihalarni atroflicha muhokama qildik. Biz atom energetikasi sohasida hamkorlikni mustahkamlashni muhim deb bilamiz. Yirik loyiha Rossiya tomonidan loyihalashtirilgan atom elektr stansiyasini birgalikda qurish bo‘ladi. Barcha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni tezlashtirish zarur», — dedi Rossiya bosh vaziri Samarqandga amaliy tashrifi chog‘ida.

Shuningdek, u «o‘zbekistonlik sheriklarning sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishdan manfaatdorligini» ta’kidladi. Tomonlar avtomobil va aviasozlik, farmatsevtika sohalaridagi tashabbuslarni muhokama qilmoqda.

Yozda energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev O‘zbekiston «Rosatom» bilan atom elektr stansiyasini qurish narxini optimallashtirish masalasini muhokama qilayotganini aytgan edi. Agar stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasining narxi boshqa manbalar bilan raqobatbardosh bo‘lmasa, loyihani amalga oshiriladimi yoki yo‘q, degan xulosa o‘z-o‘zidan aniq bo‘ladi, degan edi u.