Buxoro viloyat sudida 1−2 iyul kuni Qoraqalpog‘istonda yuz bergan tartibsizliklar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan sud jarayoni davom etmoqda. Sudning ikkinchi kuni, 29 noyabrda Makan.uz internet-nashri ma’muri Lolagul Kallixanovaning ko‘rsatuvi tinglandi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Kallixanovaga Jinoyat kodeksining 28, 104-moddasi 3-qismi «a» bandi (ishtirokchilikda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 159-moddasi 4-qismi (O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244-moddasi 3-qismi (ommaviy tartibsizliklar) va 244−1-moddasi 3-qismi «a», «b», «g» bandlari (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan; prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u Qoraqalpog‘istonning amaldagi hukumatini ag‘darib tashlab, hududda hokimiyatni egallash maqsadida uyushgan guruh tashkil etishda ayblanayotgan Dauletmurat Tajimuratovning «guruhi bilan birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan».

Kallixanova 1 iyul kuni Toshkentda bo‘lib, Makan.uz Telegram-kanali orqali so‘nggi videomurojaatini e’lon qilgach, yo‘qolib qolgandi. Dastlab xorijiy manbalarda uning vafot etgani haqida ham xabarlar tarqaldi, ammo bu gap-so‘zlar tezda rad etildi. 8 iyul kuni Bosh prokuratura uning «harakatlarida jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish jinoyati alomatlari» aniqlangani, u «jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangani»ni ma’lum qildi.

Kallixanova o‘sha videomurojaatida qoraqalpog‘istonliklarni, jumladan, O‘zbekiston tarkibidan ajralib chiqishga chaqirgan edi. «Bor bilim va tajribangizni ishga solib, O‘zbekiston tarkibidan ajralib chiqishga harakat qiling. Mening sizlardan so‘raydiganim, sizlardan o‘tinchim shu», — degandi u. Sudda bergan ko‘rsatmasida Lolagul Kallixanova nima uchun bunday videomurojaat qoldirganini tushuntirib berdi.

«Qattiq [qiynaldim]… Bu qanday yuzsizlik bo‘ldi — odamlarni qamasa, internetni o‘chirsa, telefonni o‘chirsa, yana lider bo‘lib chiqaman degan odamni beobro‘ qilsa, bu qanday yuzsizlik bo‘ldi, deb video qilib yubordim… Men videoni emotsional holatda qildim. [Shundan boshqa] hech qanday [yo‘l] yo‘q deb o‘yladim… Hech kim qaramaydi, hech kim aralashmaydi… Hokimiyat ham, Jo‘qorg‘i Kenges ham… Murat Kamalov (sobiq Jo‘qorg‘i Kenges raisi — tahr.) xalq bilan hech qachon — endi kechirim so‘rayman, [men bilmagandim] — biroq hech qachon xalq bilan so‘zlashib, ko‘ngliga qarab, Murat og‘a bizning boshlig‘imiz [bo‘lib]… bir odamga nima [yordam qilgani]ni bilmayman. Xullas, shunday bo‘ldi. Daulet og‘aning [ahvolini ko‘rgandan] keyin, shunchaki emotsiya ostida „suverenitetni olaylik“ deb yubordim… [Shunday] degan mantiqda, bilim va tajribangizdan foydalanib, suverenitetni oling endi, bo‘ldi, deb aytdim», — dedi Kallixanova.

Lolagul Kallixanova, 2022 yil 29 noyabr. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

«Biroq, o‘zim aytyapman-ku, 15 yildan beri kompyuter oldida ishlab o‘tirgan odamman, Xudoyim biladi, ko‘rib turibdi… Miting nimaligini ko‘rgan emasman, Qoraqalpog‘istondami, Nukusdami, Andijondami… Bunday narsani ko‘rmagandan keyin, Daulet og‘a aytdi-ku, 5 iyul kuni referendum o‘tkazishga yig‘ilamiz deb, men bir qaror yoziladi-da, [unga qoraqalpoqlarning] hammasi imzo qo‘yib chiqadi, deb o‘yladim. Men shunday narsa bo‘ladi deb o‘ylagandim. Shuning uchun aytdim: „suverenitetni oling“ deb. Bo‘ldi, pishdi (tamom bo‘ldi) deb o‘yladim, biroq… Bu videoni o‘z kanalimga chiqarganimdan keyin… DXX xodimlari meni chaqirdi, keling dedi, uch soat suhbatda bo‘ldim, suhbatda aytib ketdim, biroq bu paytda Nukusda nima bo‘ldi, undan keyin-chi, hech narsadan xabarim yo‘q. Men hozir tergov jarayonida hammaning ko‘rsatuvlarini o‘qib, tanishib o‘tiribman, Daulet og‘aning ham ko‘rsatuvini o‘qidim… Miting o‘tkazish bo‘yicha, bu miting bo‘yicha xabardor emasman… Eshikni oldiga chiqqandan keyin…[miting allaqachon tugagan], deb o‘ylagandim», — dedi u.

«Deputatlar ham, hokimlik ham… Internetning o‘chirilgani, Yagona portaldan odamlar ro‘yxatdan o‘ta olmay, ma’lumotlarni kirgizib berolmagani (Konstitutsiyaga Qoraqalpog‘istonga tegishli moddalarni o‘zgartirishga qarshi ovoz qoldirish uchun — tahr.), undan keyin odamlarni qamab boshlagani… O‘zimning ustimdan adolatsizlik bo‘lyapti, deb his qildim… Dauletmurat chiqqanidan keyin, uning videosini ko‘rgandan keyin, xuddi… xalq masalasini olib chiqib, xalq bilan so‘zlashib, xalq bilan… deb, men buni qo‘llab-quvvatlayman deb, yozib chiqdim, rostini aytaman… Daulet og‘a advokat, uni advokat sifatida taniyman, rostini aytsam, xalq orasida obro‘si kuchli (yordam beradi), ko‘p kishilarning sudlarida qatnashib, yutib bergan. Men uni qo‘llab-quvvatlab post yozib yubordim. Oradan ko‘p o‘tmay, yarim soat ichida… xabari tarqaldi, keyin militsiya keldi… Men allaqachon charchagan edim», — deya qo‘shimcha qildi sudlanuvchi.

Lolagul Kallixanova o‘z ko‘rsatuvida qamoqxona sharoitlari haqida ham to‘xtalib o‘tdi. «O‘zbekiston qamoqxonasidagi sharoitlarga kelsak, jinoyatchini emas, olimpiya chempionlarini boqqandek boqadi. Urganchga olib ketdi, voy-dod, deyishyapti… Urganchda uch mahal issiq ovqat, go‘shtli ovqat beradi. Umuman, har hafta «postel»ni almashtirib beradi, kerak bo‘lsa, kiyimingni yuvib, keltirib ham beradi. Umuman, qiynoq degan narsa, boshqa narsa bo‘lgani yo‘q… Hamma narsa bor», — deya ta’kidladi u.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Qoraqalpog‘istondagi voqealar oqibatida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 21 kishi vafot etgan. Lolagul Kallixanova o‘sha hodisalar oqibatida farzandlaridan ayrilgan odamlardan kechirim so‘radi.

«Men bir narsadan qattiq uyalaman. Farzandlaridan ayrilgan odamlardan kechirim so‘rayman. Kecha Qur’on kitobni olib kel deganda rozi edim, Qur’onni ushlab aytar edim: bunday urush bo‘lishini bilmagan edim, umuman bilmagan edim. O‘ylamang bilardi deb, bilganimda hech qachon bunday ishni boshlamas edim. Hech qachon „suverenitet“ degan so‘zni olib chiqib aytmas edim. Hech qachon yoqlamas edim bunday narsalarni. Meni kechiring. Bilaman, buni kechirish qiyin, biroq men… u dunyo ham, bu dunyo ham… kechirim so‘rayman xalqdan, …ayrilgan, yaqinlaridan ayrilganlar, qo‘lingizdan kelsa kechiring, kechirolmasangiz, hech narsa qilolmayman, biroq bunday bo‘lishini bilmagan edim», — dedi u.

«Keyin, men Azamat og‘a (Turdanov) aytganiga qo‘shilaman… Mamlakat oldida juda uyatga qoldim. Qamalgan vaqtim o‘yladim — meni endi qiynaydi, bir balo qiladi meni, deb o‘yladim. Daulet og‘ani bir narsa qiladi endi, qamadi-ku, qiynar, azob berar, deb o‘yladim. Hech qanday qiynoq, qiyinchilik bo‘lgani yo‘q, hech qanday bosim, azob berish degan narsa bo‘lgani yo‘q», — deya qo‘shimcha qildi Lolagul Kallixanova.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Shuningdek, u prokurorning savollariga javob berdi.

Prokuror: Jo‘qorg‘i Kenges raisi va deputatlarini ishdan ketishini talab qilish uchun sizda qanday asoslar bo‘lgan?

Lolagul Kallixanova: Avval aytilganidek, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari juda passiv bo‘lgan. Na fuqarolik, na deputatlik pozitsiyasini bildirgan. Shunchaki, passiv odamlar bo‘lgan, xolos. Agar ular xalq bilan biroz maslahat qilganida, bunday narsa bo‘lmasdi. Shuning uchun men shunday deb aytganman. Bu [xatti-harakatim] qonunbuzilishi ekanligidan xabarim bor.

Prokuror: Qonunchilikda Jo‘qorg‘i Kenges raisi va deputatlarning vakolatlarini muddatidan avval tugatilishiga oid qanday huquqiy normalar borligini bilasizmi?

Lolagul Kallixanova: Bilmayman.

Prokuror: Siz Jo‘qorg‘i Kenges raisi va deputatlari ishdan olinishini talab qilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining referendum asosida O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan ajralib chiqishi haqida qilgan videomurojaatingiz ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga qanday ta’sir qilishini xohlagan edingiz?

Lolagul Kallixanova: Birinchi navbatda bir narsani o‘yladim: bu narsalarga Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari va yuqorida o‘tirganlar e’tibor bersin, katta narsaga aylanib ketmasidan to‘xtatilsin. Haqiqatan ham men [bu jarayon] katta narsaga aylanib ketishini xohlamadim. Xalq ko‘tarilib ketadi, deb o‘yladim. Biroq bu darajada urush bo‘lib ketadi, deb o‘ylamagandim. OAVda chiqqan har bir narsani davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, barchasi o‘rganib chiqishi kerak. [Videomurojaatim]ni ular shundan keyin qandaydir munosabat bildirar, xalqning oldiga chiqar, degan maqsadda qilganman.

Oldin o‘yla, keyin so‘yla, deyishadi… Hozir, tergov vaqtida o‘tirib o‘ylab, bu [videomurojaat] odamlarga qanday darajada yomon ta’sir qilganini, agressiyani, radikal fikrlarni uyg‘otib yuborganini endi tushunyapman. Rosti, [videomurojaatni] e’tiborni tortish uchun, rahbarlar biroz e’tibor bersin, degan maqsadda qilganman.

Prokuror: 28 iyun kuni ertalabki soat 7:31 da «Makan.uz» Telegram-kanaliga Dauletmurat Tajimuratov ishtirokida 22 advokat yig‘ilishi bo‘yicha videomaterial joylashtirilgan. Tajimuratov qatnashgan bu yig‘ilish materialini sizga kanalga joylashni kim tavsiya qilgandi?

Lolagul Kallixanova: Hech kim tavsiya qilmagan. Kanalimda ko‘rgan bo‘lsangiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘layotgan barcha narsani fleshmob video bo‘lsin, fikr bo‘lsin, deb [kanalga] joylashtirib kelganman. Hech kim tavsiya qilmagan. O‘z tashabbusim bilan joylashtirganman.

Prokuror: Bu videomaterial Tajimuratov tegishli kanalda 29 iyun kuni e’lon qilingan. Siz bu materialni [qanday qilib] bir kun oldin joylashtirgansiz?

Lolagul Kallixanova: Menga Telegram-bot orqali kelgan edi. Makanuzbot degan bot bor, shunga kelgan narsani chiqarganman.

Prokuror: Bu videomaterialni chiqarishdan avval uni oxirigacha ko‘rib, mazmun-mohiyatini to‘la angladingizmi?

Lolagul Kallixanova: Endi, ochig‘i, advokat bo‘lganidan keyin, bir narsani bilmasa, gapirmasa kerak, deb o‘yladim.

Prokuror: Bundan keyin, 1 iyul kuni «Makan.uz»da Tajimuratovning keyingi (namoyish o‘tkazishga da’vat qilgan — tahr.) videomurojaatini kanalga joylashtirishni kim sizga tavsiya qildi?

Lolagul Kallixanova: Bu ham botga kelgandi. Afsuski, botga ko‘p odam yozgani uchun eslab qololmadim.

Prokuror: Bu videomaterialni kanalingizda e’lon qilishdan maqsad nima edi?

Lolagul Kallixanova: Qoraqalpog‘istonda shunday voqea bo‘lyapti, xalq shu darajaga yetib keldi, degan [fikrni yetkazish] maqsadda [joylashtirganman].

Prokuror: Tajimuratovning qoraqalpoqqa bosh bo‘luviga roziman, deganda nimani nazarda tutgansiz?

Lolagul Kallixanova: Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritilayotgan vaqtda xalq nomidan gapiradigan bir odam kerak-ku, shu ma’noda aytgandim.

Prokurorning savollariga javob berib bo‘lgach, Kallixanovaga Dauletmurat Tajimuratovning advokati savollar berdi.

Tajimuratovning advokati: Dauletmurat Tajimuratov sizga internetdagi o‘z resursingizga materiallar joylashtirish haqida topshiriqlar berganmi?

Kallixanova: Men u bilan faqat shu yilning fevral oyida gaplashganman, shundan so‘ng uni ko‘rmaganman ham, yaqin muloqotda ham bo‘lmaganman.

Tajimuratovning advokati: Demak, sizga hech qanday topshiriqlar berilmagan, majburiyatlarni bo‘lib olmagansizlar va o‘zaro til biriktirmagansizlar, shundaymi?

Kallixanova: Topshiriqlar olmaganman, hech qanday guruhlar ishtirokchisi bo‘lmaganman, Dauletmurat Tajimuratov tashkil etgan guruhlarning a’zosi emas edim.

Dauletmurat Tajimuratov, 2022 yil 29 noyabr. Foto: Abdulla Yodgorov / «Gazeta.uz»

Advokatdan so‘ng, Tajimuratovning o‘zi Kallixanovaga savollar bilan murojaat qildi. Xususan, u Kallixanovaning birinchi tergovda bergan ko‘rsatuvidan iqtibos keltirib, «agar Tajimuratovning g‘arazli maqsadlaridan boxabar bo‘lganimda edi, uning harakatiga qo‘shilmagan bo‘lardim», deganini, nega tergovda bunday ko‘rsatma berganini, uning maqsadlarini qayerdan bilishi mumkinligini so‘radi.

Kallixanova bunga javoban birinchi ko‘rsatmasini Tajimuratovning dastlabki so‘roqlarda bergan javoblarmni o‘qib, shundan xulosa qilgan holda berganini, Kallixanovaga Tajimuratovniki deb ko‘rsatilgan ko‘rsatmalarda u uyushgan guruh tuzgani, aka-ukalarini tumanlarga yuborgani haqida so‘z borganini ta’kidladi.

Sud o‘z ishini davom ettirmoqda. Sud jarayonini «Gazeta.uz»ning YouTube’dagi kanali orqali jonli efirda kuzatib borish mumkin.