29 noyabr kuni soat 9:00 da Buxoro viloyat sudida Qoraqalpog‘istonda 1−2 iyul kunlari sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha sudning ikkinchi kuni ochildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Avval xabar berilganidek, jarayon to‘liq qoraqalpoq tilida bo‘lib o‘tmoqda. Sudning birinchi kunida prokuratura vakillari to‘rt soat davomida 22 gumonlanuvchiga nisbatan ayblovlarni o‘qib eshittirdi. Bugun ayblanuvchilar sudyaning savollariga javob bergan holda, birma-bir ko‘rsatuv bermoqda.

Birinchi bo‘lib Nukus olimpiya zaxiralari kolleji direktori, 1984 yilda tug‘ilgan Azamat Turdanovga so‘z berildi. U Jinoyat kodeksining 28, 104-moddasi 3 qismi «a» bandi, 159-moddasi 4-qismi va 244-moddasi 3-qismi bilan ayblanmoqda. Prokuratura tomonidan o‘qib eshittirilgan ayblovda uning Nukusdagi tartibsizliklarda sportchilarning ishtirok etishini ta’minlagani va Dauletmurat Tajimuratovni yelkasiga o‘tkazib, Jo‘qorg‘i Kenges (parlament)ni egallash maqsadida olib borganligi ko‘rsatib o‘tilgan edi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, Azamat Turdanov ko‘rsatmasi davomida Dauletmurat Tajimuratov bilan tortishib qoldi. Turdanov ko‘rsatuvi avvalida Tajimuratov shaxsiga to‘xtalib, bundan oldin uning bir necha bor jinoyat sodir qilgani, 4 marta sudlanganini aytdi va uni «firibgar» deya atadi.

Shunday keyin Dauletmurat Tajimuratov sud raisiga o‘z e’tirozini bildirdi. Sud raisi Yebulay Abibullayev sudlanuvchilarning shaxsiga doir ma’lumotlar kerak emasligini ta’kidlab, Turdanovdan voqea tafsilotlariga to‘xtalishini so‘radi.

Sud jarayonining ikkinchi kunini «Gazeta.uz»ning Youtube’dagi sahifasi orqali jonli efirda tomosha qilishingiz mumkin: