Qoraqalpog‘istonda 1−2 iyul kunlari sodir etilgan ommaviy tartibsizliklardan so‘ng huquq-tartibot organlari 516 kishi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan edi. Buxoro viloyat sudida Nukus voqealari bo‘yicha 28 noyabr kuni boshlangan sud jarayonida esa 22 kishi sudlanmoqda.

Shu munosabat bilan, Qoraqalpog‘istonda yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish hamda ular yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya (Mustaqil komissiya)ning qayd etishicha, jamoatchilikda «qolgan shaxslar qayerda?» degan mazmunda savollar yuzaga kelmoqda.

Mustaqil komissiyaning ma’lum qilishicha, «sud jarayonlarida 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, qo‘lga olinganlarning 107 nafari komissiya tashabbusi bilan jamoat kafilligi va qamoq ehtiyot chorasi insonparvarlik tamoyili asosida uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirilishi orqali o‘z oilasi bag‘riga qaytarilgan. Qolgan shaxslar (387 kishi — „Gazeta.uz“ izohi) esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan».

«Komissiya a’zolarining ma’lum qilishicha, sud jarayonlari qonunchilikka muvofiq o‘tkazilmoqda», — deya qo‘shimcha qilingan komissiya axborotida.

Alisher Qodirov sud jarayonlarida Mustaqil komissiya a’zosi sifatida ishtirok etmoqda. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Avvalroq sudning birinchi kuni haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlasharkan, Mustaqil komissiya a’zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari va «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov «haqiqiy sud jarayoni»ni ko‘rayotganini, «Jinoyat-protsessual kodeksida qanday yozilgan bo‘lsa, nuqta-verguligacha amal qilinayotgani»ni ta’kidlagan edi.

Sud jarayonining ikkinchi kunini «Gazeta.uz»ning YouTube’dagi kanali orqali jonli efirda tomosha qilish mumkin.