O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni RF Federal Majlisi Davlat Dumasi Raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi Rossiya parlament delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda parlamentlararo muloqotlar jadal sur’at kasb etgani, O‘zbekiston va Rossiya hududlarida yangi formatdagi — ikki mamlakat parlamentlarining palata va qo‘mitalari rahbarlari darajasida uchrashuvlar o‘tkazish amaliyoti joriy qilingani alohida qayd etildi.

Yangi tashkil etilgan Hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiya faoliyati ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash hamda qonunchilik faoliyatini tashkil etish sohasida tajriba almashishni kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Davlat dumasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, Vyacheslav Volodin, shuningdek, O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisi Nuriddin Ismoilov hamda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva bilan ham uchrashdi. Nuriddin Ismoilov bilan uchrashuvda hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiya reglamenti imzolandi.