E va F guruhlaridan joy olgan jamoalar o‘zlarining 2-tur uchrashuvlarini o‘tkazishdi. Xorvatiya — Kanada bahsida xorvatiyaliklarning qo‘li baland keldi, hisob — 4:1. Ispaniya va Germaniya terma jamoalari esa 1:1 hisobida durang qayd etishdi.

Xorvatiya — Kanada 4:1

Xorvatiya — Kanada uchrashuvi Dohadagi «Xalifa» stadionida, 44 374 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi. Ushbu bahs gollarga boy bo‘ldi va uning yakuniga ko‘ra Kanada pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi.

O‘yinning 2-daqiqasidayoq Kanada terma jamoasi Xorvatiya darvozasini ishg‘ol qilib barchani hayratda qoldirgan edi. Golni «Bavariya» klubi a’zosi Alfonso Devis kiritdi — 0:1. 27-daqiqada xorvatiyaliklar hisobni tenglashtirishgan edi, ammo hujumda o‘yindan tashqari holat qayd etildi, gol hisobga olinmadi.


Biroq 36-daqiqada Xorvatiya terma jamoasi oxir-oqibat o‘z niyatiga erishdi. Kramarich hisobni tenglashtirdi — 1:1. 44-daqiqaga kelib esa Livaya hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi. Xorvatiya terma jamoasi oldinga chiqib oldi.

Xorvatiyaliklar 2-taymda ham o‘z raqiblarini tinch qo‘yishni xohlashmadi. 70-daqiqada Kramarich dublga erishdi — 3:1. Kanada terma jamoasi shunda ham nimadir yaratishga harakat qildi: uzoqdan yo‘llangan zarbalar, uzun paslar… Biroq o‘yin oxiriga kelib Kanada yana gol o‘tkazib yubordi. 94-daqiqada Lovro Mayer Kanada himoyachisi yo‘l qo‘ygan xatodan unumli tarzda foydalandi. Hisob 4:1 ko‘rinishini oldi.


Xorvatiya terma jamoasi o‘zi uchun qimmatli 3 ochkoni ishlab oldi. Xorvatiyaliklar o‘tgan turda Marokash bilan nursiz durang qayd etgan edi va hozirda ushbu jamoa guruhda 4 ochko jamg‘argan. Marokash ham o‘z o‘rnida 2-tur doirasida kutilmaganda Belgiyani mag‘lub etdi va hozirda 4 ta ochko yig‘gan. Belgiya esa 1-turda Kanadani 1:0 hisobida mag‘lub etgan va hozirda 3 ochkoga ega. Kanada terma jamoasida esa 2 turdan so‘ng ochkolar soni nolga teng.

3-turda Xorvatiya va Belgiya terma jamoalari o‘zaro to‘qnash kelishadi. Shuningdek, biz motivatsiyaga to‘la Marokash hamda pley-offsiz qolgan Kanadaning qarama-qarshiligini ham kuzatamiz.

Ispaniya — Germaniya 1:1

Ispaniya — Germaniya bahsi Al-Xaur shahridagi «Al-Bayt» stadionida bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvni tomosha qilish uchun stadionga 68 895 nafar (aslida ushbu stadionning sig‘imi 60 000) muxlis tashrif buyurdi.

Uchrashuda to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi bo‘yicha Ispaniya terma jamoasi yaqqol peshqadam bo‘ldi — 64%, Germaniyada — 36%. Ammo yo‘llangan zarbalar bo‘yicha Germaniya oldinda 5:8.

O‘yinning 1-taymida jamoalar darvozaga yo‘l topa olishmadi. Ikkala tomon darvozabonlari ham vaqti-vaqti bilan ajoyib seyvlar amalga oshirishdi.


54-daqiqada Ferran Torresining o‘rniga zahiradan Alvaro Morata o‘yinga tushirildi. 62-daqiqada esa Morata o‘yindagi hisobni ochdi — 0:1. Keyingi daqiqalarda ham Ispaniyada hisobni 2:0 holiga keltirish uchun imkoniyatlar bo‘ldi. Ammo keyingi golni Ispaniya terma jamoasi emas, Germaniya kiritdi. 83-daqiqada hisob 1:1 ko‘rinishiga keldi. 70-daqiqada zahiradan maydonga tushgan Fyullkrug muvozanatni tikladi. Ikkala tomon gol qanchalik g‘alaba qozonishni xohlashmasin, o‘yinda hisob o‘zgarmadi — 1:1. Demak o‘yinda urilgan ikkita golni ham zahiradan o‘yinga tushgan futbolchilar kiritishdi.


Ayni paytda Germaniya terma jamoasida 1 ochko bor, Ispaniyada esa 4 ochko. Ispaniyaliklar pley-off masalasini ushbu o‘yinning o‘zida hal qilib qo‘yishlari mumkin edi, biroq Germaniya bunga yo‘l qo‘ymadi. E guruhidan joy olgan yana ikkita terma jamoa: Kosta-Rika va Yaponiyada 3 ochkodan mavjud. Demak 3-tur oldidan guruhdagi barcha jamoada imkoniyat bor.

3-turda Ispaniya terma jamoasi yaponiyaliklar bilan, Germaniya esa Kosta-Rika terma jamoasi bilan to‘qnash kelishadi.