23 noyabr kuni JCH-2022 guruh bosqichi o‘yinlarida yana bitta sensatsion natija qayd etildi: Yaponiya terma jamoasi Germaniyani 1:2 hisobida mag‘lub etdi. Shuningdek, bugun F guruhidagi Marokash — Xorvatiya bahsi ham bo‘lib o‘tdi va o‘yinda 0:0 hisobi qayd etildi.

Marokash — Xorvatiya 0:0


23 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:00 da F guruhidan joy olgan Marokash va Xorvatiya terma jamoalari o‘rtasidagi bahsga start berildi. Uchrashuv Dohadagi «Al-Bayt» stadionida bo‘lib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, ushbu stadionda JCH-2022'ning ochilish marosimi va ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Marokash — Xorvatiya bahsini tomosha qilish uchun ushbu stadionga 59 407 nafar tomoshabin tashrif buyurdi.

2018 yilgi jahon chempionati finalchilaridan ko‘pchilik g‘alaba kutgan edi, biroq uchrashuvda gol ham sodir bo‘lmadi. Hech bo‘lmaganda ofsaydda qolib ketib ham gol kiritishmadi. Albatta, o‘yinda xavfli vaziyatlar bo‘ldi, ammo qolgan bahslar fonida, katta ehtimol bilan, muxlislar ushbu uchrashuvdan kutilgan hayajonni, keskin o‘yinni ko‘rishmadi.


Ushbu bahs 0:0 hisobi bilan yakunlandi. Jamoalar bittadan ochko ishlab olishdi. Ushbu guruhdan joy olgan yana ikkita jamoa: Belgiya va Kanada 24 noyabr kechasi soat 00:00 da o‘zaro kuch sinashadi.

Germaniya — Yaponiya 1:2

E guruhidan joy olgan Germaniya — Yaponiya bahsi 23 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da boshlandi. Uchrashuv Dohadagi Xalifa xalqaro stadionida bo‘lib o‘tdi. Ushbu qarama-qarshilikda sensatsion natija qayd etildi: 1:0 hisobida yutqazayotgan Yaponiya «kambek» amalga oshirib, Germaniyani mag‘lub etdi.


Aslida yaponiyaliklar 1-taymning 6-daqiqasidayoq hisobni ochishgan edi. Ammo ushbu vaziyatda yapon futbolchisi yaqqol o‘yindan tashqari holatda qolib ketgan edi. 31-daqiqada yaponlarning jarima maydonchasi ichida darvozabon Gonda nemislar himoyachisi David Raumga nisbatan qo‘pollik ishlatdi. Hakam penalti belgiladi. Zarbani Ilkay Gyundogan amalga oshirdi — gol! O‘yinda hisob ochildi — 1:0. Ushbu goldan keyin Yaponiya terma jamoasi biroz jonlandi. Biroq, 1-taymda boshqa gol bo‘lmadi.


2-taym Germaniyaning ketma-ket hujumlari bilan boshlandi. «Nemis mashinasida» hisobni kattalashtirish uchun bir nechta vaziyat bo‘ldi. Negadir hozirgi Germaniya terma jamoasi yaqin o‘tmishdagi (2014, 2010, 2006…) yulduzli tarkibga ega, biroq omadsiz Angliya terma jamoasini eslatmoqda. Tarkibda ko‘plab yorqin futbolchilar bor, biroq nimadir yetishmaydi. Germaniya terma jamoasi futbolchilari qancha urinishmasin, Yaponiya darvozaboni Gondani ikkinchi bor ishg‘ol qila olishmadi.

70-daqiqalarga kelib Yaponiyaning hujumlari tobora xavfli tus ola boshladi. Natija o‘zini uzoq kuttirmadi: 75-daqiqada Bundesliganing «Frayburg» klubida to‘p suruvchi Ritsu Doan hisobni tenglashtirdi! Hisob — 1:1. Kiritilgan goldan so‘ng yaponiyaliklarga yana «jon kirdi». 83-daqiqada qarshi hujumlarning birida Bundesligada to‘p suruvchi (yana!) Takuma Asano Yaponiyani hisobda oldinga olib chiqdi — 1:2. Taqdir hazilini qarang, Germaniyaga gol kiritgan ikki futbolchi ham Bundesligada to‘p so‘radi: Doan «Frayburg»da, Asano esa «Boxum»da. Asanoning «krossi» oldida himoyachi Shlotterbek ham, yo‘llagan zarbasi oldida esa Manuel Noyer ham ojiz qolishdi.


Germaniya o‘yinni qutqarib qolish uchun hujumga otlandi. Hakam o‘yinga 7 daqiqa qo‘shib berdi. So‘nggi daqiqalarda Yaponiya jarima maydonchasiga hattoki Noyer ham yetib keldi. Biroq barchasi befoyda, nemislar so‘nggi daqiqalarda Yaponiya darvozasiga jiddiy xavf tug‘dira olishmadi. Hakam hushtagi yangradi — hisob 1:2. Yaponiya muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Hozircha Yaponiya E guruhida birinchi o‘ringa chiqib oldi. Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da ushbu guruhdan joy olgan yana ikki terma jamoa: Ispaniya va Kosta-Rika o‘zaro kuch sinashadi.

E guruhi doirasidagi 2-tur uchrashuvlari esa 27 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Navbatdagi turda Germaniya terma jamoasi Ispaniya bilan, yaponiyaliklar esa Kosta-Rika terma jamoasi bilan bahs olib boradi.