20 noyabr kuni Namangan viloyati Pop tumanida ikki ayol va bir bola is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, soat 16:00 larda tumanning Tinchlik mahallasida yashovchi fuqaro 1971 yilda tug‘ilgan E.T.(ayol), 2016 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan F.T. hamda mehmonga kelgan qaynonasi 1947 yilda tug‘ilgan D.Yu. uyni isitish uchun o‘rnatilgan temirdan yasalgan pechkaga yoqilgan tabiiy gazdan chiqqan is gazidan zaharlanib, voqea joyida vafot etdi.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Rasmiy manbalarda e’lon qilingan holatlarga ko‘ra, noyabr oyining o‘zida is gazidan 9 kishi vafot etdi. Kuni kecha Qashqadaryoda 17 yoshli qiz, avvalroq Xorazmda ijarada turgan ikki yigit, oradan ikki kun o‘tib Jizzaxda qariya ayol va uning ikki nabirasi hamda Buxoroda 2-sinf o‘quvchisi is gazidan halok bo‘lgandi.