9 noyabr kuni Yaponiya imperatori O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovni «Chiqayotgan quyosh katta kordon» ordeni bilan mukofotladi. Bu haqda 22 noyabr kuni vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ordenni Yaponiya imperatori Naruxito bosh vazir Fumio Kishido ishtirokida topshirdi. Orden Yaponiyadagi eng qadimgi (1875 yildan beri beriladi) va mamlakatning eng oliy mukofoti hisoblanadi. U olti darajaga ega (katta lentadagi orden — eng yuqori daraja).

Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati noyabr oyi boshida bergan xabariga ko‘ra, Yaponiya hukumati «Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ko‘p yillik hissasi»ni e’tirof etib, 3 noyabr kuni Aziz Abduhakimovni orden bilan taqdirlashga qaror qilgan.

Bir yil muqaddam O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev «Katta lentadagi Quyosh chiqishi» ordeni bilan taqdirlangandi. U O‘zbekistonning bunday darajadagi ordenli birinchi vakili bo‘ldi.

Ilgari Yaponiya hukumati O‘zbekistonning bir qator fuqarolari va O‘zbekistonga aloqador shaxslarni ham imperator ordenlari bilan taqdirlagan:

  • «Chiqayotgan quyosh, oltin va kumush nurlar ordeni» — Yaponiya internirlanganlar muzeyi direktori Jalil Sultonov;
  • «Chiqayotgan quyosh, kumush nurlar» ordeni — Toshkent shahridagi «Fozil-ota» Yaponiya fuqarolari qabristonining qorovuli Miroqil Fozilova;
  • «Quyosh, oltin va kumush yulduz» ordeni — Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining Yaponiya bilan hamkorlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi, O‘zbekistonning Yaponiyadagi sobiq elchisi Mirsobit Ochilov (2020 yilda vafot etgan);
  • «Oltin nurli, tasmada rozetli muqaddas xazina ordeni» — O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlar olib borgan Yaponiya milliy etnografiya muzeyi faxriy professori Kyudzo Kato (2016 yilda Termizda vafot etgan).