Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 73-sessiyasida deputatlar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Lola Boynazarovaning «Ayollar daftari» bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobotini ham muhokama qildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, «Ayollar daftari»ning 3-bosqichiga 57 mingdan ortiq xotin-qizlar kiritilgan bo‘lib, hozirgi kunda ularning 56 ming 114 nafariga, ya’ni qariyb 98,4 foiziga moddiy va amaliy yordam ko‘rsatildi.

Boshpanasiz, og‘ir sharoitda yashayotgan xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumani «Bordomko‘l» MFY da barpo etilgan ko‘p qavatli uylardan 29 ta xonadon Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy va Yashnobod tuman hokimliklari qoshidagi «Ayollar daftari» jamg‘armasi hisobidan sotib olindi, hozirgi kunda ham bu ishlar davom ettirilmoqda.

Xonadonlar ijtimoiy uy sifatida tuman hokimliklari balansiga o‘tkaziladi va 5 yil muddatga «Ayollar daftari»ga kiritilgan boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan fuqarolarga ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning may oyida «Ayollar daftari»ga kiritilgan yolg‘iz onalarning farzandlarini bog‘chaga imtiyozli ro‘yxat asosida qabul qilish tartibi yangilangandi.