20 noyabr kuni Andijon shahrining 3-kichik dahasida ko‘p qavatli uylarning birida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston FVV matbuot xizmati.

Yong‘in to‘g‘risidagi xabar viloyat FVBga soat 21:09 da kelib tushdi. Voqea joyiga 12 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 3 ta avtonarvon soat 21:18 da yetib bordi.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hududga viloyat hokimi boshchiligidagi ishchi guruh ham borgan.

Yong‘in soat 21:40 da qurshab olindi va soat 22:25 da bartaraf etildi. Uning oqibatida ko‘p qavatli uyning tahminan 400 kv. m maydonda tom qismi yonib zararlandi.

«Vaziyat to‘liq nazoratga olingan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q», — deyiladi xabarda.