Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi «Iltifot» mahallasida 16 ta daraxt kesib tashlangan. Qimmatbaho bo‘lgan daraxtlarning noqonuniy ravishda tag qismidan kesib tashlanishi oqibatida o‘simlik dunyosiga 3,51 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan, deya xabar bermoqda Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.


Foto: Rasul Kusherbayev.

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev to‘qqiz qavatli uylardan iborat Assalom Havo turar joy majmuasining qurilish joyida daraxtlar kesib tashlangani haqida xabar bergan edi. obyekt pasportiga ko‘ra, inshoot buyurtmachisi va pudratchisi Yangi Zamon Bino kompaniyasi hisoblanadi.

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Yangi Zamon Bino kompaniyasi 2016 yilning 14 noyabr kuni ro‘yxatga olingan. Unique Trade Business (50 foiz) va «O‘zbekiston temir yo‘llari» (50 foiz) mazkur qurilish kompaniyasining muassislari hisoblanadi.

O‘z navbatida, Unique Trade Business kompaniyasining 99 foiz ulushi Golden House Development kompaniyasiga tegishli, qolgan 1 foizi Boris Yakovlevga rasmiylashtirilgan.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan Yashnobod tuman hokimi Baxtiyor Rahmonqulov, tuman prokuraturasi, tuman IIB hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda hududda o‘tkazilgan o‘rganish davomida «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonun buzilganini aniqladi va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararni 3 mlrd 514,2 mln so‘mga baholadi.

Qo‘mita axborotiga ko‘ra, to‘plangan materiallar tuman prokuraturasiga taqdim etilgan. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topilganlar bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 150 baravari (19 noyabr holatiga 45 mln so‘m)dan 200 baravari (60 mln so‘m)gacha miqdorida jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Avvalroq deputat Rasul Kusherbayev Toshkentda biznesmenlar uchun ajratilgan va devor-to‘siqlar bilan o‘rab olingan hududlarda 5 mingga yaqin daraxt yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turgani haqida ma’lum qilgan edi. Uning fikricha, yer ajratish haqidagi qarorlarni chiqartirish «shunchaki bo‘lmaydi». U hokimlarning bunday qarorlarining barchasini bekor qilish kerakligini, chunki daraxtlarni kesishga qarshi moratoriyga baribir amal qilinmayotganini ta’kidlagan edi.