O‘zbekistonda ekologik vaziyat va bajarilgan ishlar tahlili «Yashil makon» harakatini yanada kengaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida loyiha ijrosini samarali tashkil etish, o‘rmon xo‘jaligida boshqaruvni maqbullashtirishga oid takliflar taqdimotida bu haqda so‘z bordi.

Taqdimotda O‘zbekistondagi ekologik vaziyat va bajarilgan ishlar tahlili bu harakatni yanada kengaytirish zarurligini ko‘rsatayotgani qayd etildi. Xususan, atmosfera havosi turli kimyoviy moddalar va og‘ir metallar bilan ifloslangani, ko‘chatlar ekish va parvarishlash jarayonlarida hokimliklar bilan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining vazifalari aniq taqsimlanmagani qayd etildi.

Shu bois ushbu tadbirlarga O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasini yagona mas’ul tashkilot etib belgilash taklif etilmoqda. «Yashil bog‘lar» va «yashil jamoat parklari»ni barpo etish, daraxtlarni parvarishlash va ularni 3 yil davomida saqlash «Yashil hudud» korxonasi tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, daraxtlar ekiladigan yer maydonlarini aniqlash va loyihalashtirish, ko‘chatxonalarni ko‘paytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, o‘rmon xo‘jaliklari uchun maxsus texnikalar sotib olish choralari nazarda tutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu ishlarning mamlakat ekologiyasi va xalq salomatligidagi ahamiyatini ta’kidlab, chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish vazifasini qo‘ydi.

«Yashil Makon» loyihasi bir yil avval prezident tashabbusi bilan boshlangan edi. Har yili 200 mln daraxt va buta ekish va shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish maqsadi qo‘yilgan.

Biroq daraxt ekishda bir necha marta qo‘shib yozishlar va firibgarliklar qayd etilgan. Bu haqda prezidentning o‘zi ham gapirdi.

Hisob palatasining yozda ma’lum qilishicha, joriy yilning fevral oyidan may oyiga qadar «Yashil Makon» loyihasi doirasida ko‘chat ekish bo‘yicha hisobotlarda 6,2 mln dona ko‘chat qo‘shib yozilgani qayd etilgan.