17 noyabrda prezidentning «Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [PF-251-son] farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, tegishli farmonda keltirilgan 22 turdagi tovarlarga (jumladan, baliq, yangi yoki quritilgan sitrus mevalari (limondan tashqari), margarin va boshqa) import bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanish muddati 2023 yil 1 iyulgacha uzaytirilib, mazkur ro‘yxatga bug‘doy uni yoki bug‘doy-javdar uni ham kiritildi.

Ma’lumot uchun, hukumat qarori bilan 2021 yil oktabrdan 2022 yil 1 maygacha banan, plantaynlar, anjir, ananas, avokado, mango, guayyava, mangostan, olma, nok, kivi va boshqa sitrus mevalar bojxona bojidan ozod qilinishi belgilangandi.

Keyinchalik esa, prezident farmoni bilan 2022 yil 1 maydan boshlab 2023 yil 1 yanvarga qadar import tovarlarni olib kirishda bojxona bojlarining nol stavkalari belgilandi. O‘zgartirishlar mazkur imtiyozlarni 2023 yil iyuligacha uzaytirishni ko‘zda tutadi.