AQShning Toshkentdagi yangi elchisi Jonatan Xenik 17 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistondagi xorijiy investorlar uchun to‘siqlar va imkoniyatlarni sanab o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Siz bilan ochiq bo‘laman. Xorijiy investorlar uchun ko‘plab to‘siqlar mavjud. Birinchisi, bu — qonun ustuvorligi tizimi. Aslini olganda, ayrim xorijiy kompaniyalar mahalliy hamkorlar bilan kelishmovchilik yuzaga kelgan taqdirda, qonun doirasida masalalar sud orqali hal etilishiga ishonch hosil qilishlari kerak», — dedi u.

Bundan tashqari, intellektual mulkni himoya qilishni kuchaytirish kerak, chunki ko‘plab xorijiy kompaniyalar o‘z brendlari va mahsulotlariga katta miqdorda sarmoya kiritdilar. «Afsuski, O‘zbekistonda bunday intellektual mulkni himoya qilish yetarli darajada mukammal emas», — dedi diplomat.

Jonatan Xenik. Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz».

Uchinchidan, davlat korxonalarining iqtisodiyotda ustunligi ham xususiy kompaniyalar faoliyatini qiyinlashtiradi. «Men ushbu davlat kompaniyalarini xususiylashtirishni ko‘proq istardim», — dedi u.

To‘rtinchi muammo — korrupsiya. «Prezident Mirziyoyevning korrupsiyaga qarshi kurash e’lon qilgani va jiddiy sa’y-harakatlarni amalga oshirganini bilaman, lekin bu muammoligicha qolmoqda», — dedi elchi.

Xorijiy kompaniyalar uchun to‘siq bo‘layotgan beshinchi muammo sifatida Jonatan Henik ko‘plab tovarlarga tariflar yuqoriligini ko‘rsatdi.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, bu O‘zbekistonda hammasi yomon degani emas. «O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalar uchun juda jozibali narsalar ko‘p. Bu, birinchi navbatda, inson kapitali, inson resurslari, bu yerda, O‘zbekistonda juda katta, o‘qigan va mehnatkash ishchi kuchi mavjud. O‘zbekistonning o‘zi hajmi jihatidan katta bozor, biroq u kengaytirilgan [Markaziy Osiyo] bozor uchun markaz bo‘lish uchun ham ideal joylashgan», — dedi u.

Elchi O‘zbekiston hukumatining pozitsiyasini xorijiy investorlar uchun «juda ochiq va jozibador» deb hisoblaydi.

«Shuning uchun biz ko‘proq xorijiy sarmoyani jalb qilishimiz uchun salbiylarni kamaytirish va ijobiy tomonlarini ta’kidlash uchun birgalikda ishlashimiz kerak», — dedi Jonatan Xenik.

Yil boshida Strategik rivojlanish agentligi O‘zbekistondagi sarmoyaviy muhitga ta’sir etuvchi omillarni sanab o‘tgan edi. Ular orasida iqtisodiy rivojlanish, sud-huquq tizimi, siyosiy barqarorlik, infratuzilmani rivojlantirish va boshqalar tilga olindi. Agentlik investitsiya muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga misol sifatida biznes uchun tez-tez o‘zgarib turadigan «o‘yin qoidalari», hokimlarning qarama-qarshi bayonotlari va boshqalarni ko‘rsatdi.