O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi davlat bayrog‘idan foydalanishga qo‘yiladigan talablarni soddalashtirish tashabbusi bilan chiqdi. Partiya yetakchisi Aktam Xaitovning ma’lum qilishicha, mamlakat bayrog‘i qabul qilingan 18 noyabr kuni partiya fraksiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida qonunchilikka tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzish ko‘zda tutilgan.

Aktam Xaitov bayroq O‘zbekiston suvereniteti ramzi bo‘lib, mamlakat xalqini umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, tinchlikni saqlash va kelajakka qadam tashlashga da’vat etib turishini ta’kidladi.

«Milliy bayrog‘imizning kundalik hayotimizda doimiy hamrohimizga aylanishi bizning davlatda yashovchi barcha millat va elat vakillarini jipslashtirishda muhim o‘rin tutadi», — deb yozadi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida fuqarolar bayroqdan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish, davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonunni zamon talablariga muvofiqlashtirish va undan foydalanish bilan bog‘liq normalarni liberallashtirish zarurligi haqida ochiq gapirmoqda.

O‘zLiDep fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherboyevning ta’kidlashicha, partiya amaldagi qonunchilikda bayroqdan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilib, fuqarolarning undan erkin foydalanishiga ruxsat berishni taklif qilmoqda.

«Oddiy aytganda bu o‘zgarishlardan keyin fuqarolar ham bayrog‘imizga hurmat saqlagan holda o‘z xonadonlariga ham ilish, ish joylarida erkin foydalanishi mumkin bo‘ladi», — dedi deputat.

Bundan tashqari, u bu orqali bayroq bo‘yicha mavjud cheklovlar uchun belgilangan jazo masalasini ham qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri kelishini qayd etdi.