Koreyada ishlab, Suriyadagi terroristik tashkilot a’zolarini moliyalashtirgan shaxs 10 yilga qamaldi, deya xabar qilmoqda O‘zA.

2014 yilda Koreya Respublikasiga borib, 2018 yilning o‘rtalarida internet tarmog‘i orqali xalqaro terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlar g‘oyaviy ta’sirida aqidaparastlik mazmunidagi materiallarni atrofdagilarga tarqatgan 29 yoshli fuqaro qo‘lga olindi.

U 2021−2022 yillar davomida o‘zi va boshqa sheriklarining jami 24 mln so‘m miqdoridagi mablag‘larini «moliyaviy jihod» sifatida xalqaro pul o‘tkazmalari va elektron ilovalar orqali Suriyadagi jangarilarga yuborgan.

DXX va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mazkur shaxsning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi tomonidan u Jinoyat kodeksining 244−1 (ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da’vat qilish), 244−2 va 155−3 (terrorizmni moliyalashtirish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.