O‘zbekiston va Qirg‘iziston Farg‘ona viloyatining So‘x tumani aholisi uchun chegaradan o‘tish tartibini soddalashtirishga kelishib oldi, biroq eksklavga alohida yo‘lak ochish rejalashtirilmagan. Bu haqda 14 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bosh vazir Abdulla Aripov ma’lum qildi (video). (Yig‘ilishda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraning alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma hamda Andijon (Kampir-obod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida qonunlar qabul qilindi).

So‘x eksklaviga yo‘lak ochish masalasi ko‘p yillardan buyon ko‘tarilib kelinmoqda. 2020 yil iyun oyida O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari o‘rtasidagi chegarada yuzaga kelgan mojarodan so‘ng so‘xliklar Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani ma’muriy markazi Yaypan shahriga yo‘lak tashkil qilishni so‘ragan edi.

2021 yil mart oyida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev so‘xliklar erkin harakatlanishi uchun tomonlar chegaradosh viloyatlar o‘rtasida nazorat-o‘tkazish punkti ochishga kelishib olganini ma’lum qildi.

Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan muhokamada «Milliy tiklanish» partiyasidan saylangan deputat Farhod Zayniyev yakunda So‘x tumaniga yo‘lak yaratish rejalashtirilmoqdami, deb so‘radi.

Bosh vazir Abdulla Aripov Qirg‘iziston tomoni bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOI) talablari sababli 2019 yil sentabr oyida bir necha kun ishlaganidan keyin yopilgan, so‘ngra 2021 yil 1 aprelda ishini davom ettirgan So‘x-Rishton yo‘lini ishga tushirish bo‘yicha kelishib olish mumkinligini aytdi.

«Albatta, So‘x eksklavi bilan muntazam aloqa qiluvchi yo‘lni tashkil qilish bo‘yicha qirg‘iz birodarlarimiz bilan ikki tomonlama kelishganmiz. Rishtondan Qirg‘iziston hududi orqali tepasiga chiqib, jumladan, Cho‘ng‘aradan o‘tib boradigan eng qisqa yo‘lni tiklash masalasi bo‘yicha kelishuvimiz bor va qirg‘iz tomoni yo‘lni tiklab, yaxshilab to‘g‘rilab berdi», — dedi u.

«Bu narsa juda ham qiyin. O‘ylaymanki, kun tartibiga masalani bunday qilib qo‘yish uni boshi berk ko‘chaga olib borish bilan baravar. Hech qachon bu narsa amalga oshmaydi. Misol bo‘yicha ham keltiraman. Qirg‘iziston bilan Tojikiston orasida xuddi shunday masala kun tartibida turibdi. Va bu narsaga, o‘ylaymanki, hech qanday yechim bo‘lmaydi. Qilib bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi bosh vazir.

Abdulla Aripovning qayd etishicha, erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, Qirg‘iziston bugungi kunda So‘x tumaniga kirish va chiqish uchun hech qanday to‘siq yaratayotgani yo‘q.

«Ikkita alternativ yo‘l bor: Rishton tepasidan chiqsa ham bo‘ladi, bu yoqdan Vodil orqali ham borsa bo‘ladi. Shuning uchun bu masalani (koridor ochish masalasini — tahr.) 5 yil oldin kun tartibiga qo‘yganmiz, to‘g‘risini aytaman sizga. Hattoki estakada masalasi ham ko‘rilgan, boshqa ham bo‘lgan. Lekin bu noreal narsa, qilib bo‘lmaydi. Birinchidan, qimmat. Ikkinchidan, noreal narsa. Eng to‘g‘risi, biz kelishuv bilan aholi vakillari hech qanday to‘sqinliklarsiz bevosita bizga ham kelishi mumkin, boshqa joylarga ham borishi mumkin», — dedi u.

Hukumat rahbarining qayd etishicha, byurokratiya fuqarolarning chegaradan o‘tishdagi muammolaridan biri hisoblanadi. Xususan, So‘x hududida yashovchilardan xorijga chiqish pasporti bo‘lishi talab qilingan. Har bir chiqish va kirishda pasportga muhrlar bosiladi.

«Doimiy ishlaydiganlar uchun bu katta qiyinchiliklar tug‘diradi. Ularning pasportlari bir oy ichida to‘lib qoladi. Agar shu muammo haqida gapirayotgan bo‘lsangiz, hozircha biz qirg‘iz birodarlarimiz bilan pasportning ichiga varaqacha qo‘yish masalasini kelishganmiz», — dedi u.

Abdulla Aripov, shuningdek, mart oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi muzokaralar chog‘ida tomonlar fuqarolarning ID-kartalarida (O‘zbekiston ichki pasportida) fuqarolarning kirish va chiqishlarini belgilovchi tizimni ishlab chiqishga kelishib olganini aytdi. Bu yil oxirigacha amalga oshirilishi kutilmoqda.