Adliya vaziri Ruslanbek Davletov prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

Ma’lumot uchun, Ruslanbek Davletov 2017-yil 14-avgustda Adliya vazirligiga rahbar etib tayinlangandi. Ungacha u fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Prezident davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Ruslanbek Davletov to‘rtta oliy ta’lim muassasasi, jumladan Buyuk Britaniyadagi Varvik universiteti bitiruvchisi hisoblanadi. Mehnat faoliyatini 2001-yilda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi lavozimida boshlagan. Keyinroq mazkur qo‘mitaning bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimlarida ishlagan.

2004−2012-yillarda Vazirlar Mahkamasining huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi, 2012−2014-yillarda — Oliy sud qoshidagi sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish, sud tizimi mustaqilligini ta’minlash tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, direktor v. b. lavozimlarida faoliyat olib borgan.

2014−2016-yillarda Prezident devonining Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik xizmatining Senat va Qonunchilik palatasi tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirish sektori mudiri bo‘lgan.