15 noyabr kuni O‘zbekiston rassomlar uyushmasi a’zosi, musavvir Shavkat Muzaffar (Shavkat Turopov) 54 yoshida vafot etdi, deya xabar bermoqda «Mushtum» jurnali. Biroq uning o‘limi sababiga aniqlik kiritilmagan.

Shavkat Muzaffar 1968 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1993 yilda Toshkent arxitektura va qurilish institutining arxitektura fakultetini tamomlagan.

1989−1993 yillarda «Tashgiprogor» va «Uzniipr» loyihalash institutlarida, 1993−2003 yillarda «O‘zsanoatkurilishbank» tizimida, 2007−2010 yillarda «Mushtum» hajviy jurnalida, 2015−2020 yillarda Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasida va Toshkent shahar madaniyat boshqarmasida faoliyat yuritgan. Shu paytga qadar Shavkat Muzaffar «Mushtum» jurnali va Xalqaro islom akademiyasining «Ziyo» studiyasida faoliyat yuritib kelgan.

Shavkat Muzaffarning bir qancha rangtasvir, grafika, karikatura va shuningdek hattotlik asarlari AQSh, Germaniya, Chexiya, BAA, Fransiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Saudiya Arabistoni kabi qator mamlakatlarning shaxsiy kolleksiyalarida, shu jumladan, AQSh Kongressi kutubxonasining Markaziy Osiyo fondida saqlanadi.

Rassom ko‘plab xalqaro tanlov-konkurslar, ko‘rgazmalarda faol ishtirok etgan, bir qancha asarlari Yevropa va Osiyo mamlakatlari ko‘rgazmalarining kataloglaridan joy olgan. Xususan, bir necha marta dunyoning eng nufuzli World press cartoon tanlovida O‘zbekiston nomidan qatnashgan. 2007 yil «Oltin qalam» milliy mukofotiga, 2016 yil «Mustaqillikning 25 yilligi» medaliga sazovor bulgan.

«Yusuf va Zulayho», 2001 yil. Foto: shavkat_muzaffar / Instagram.

«O‘zbek go‘zalligi», 2001 yil. Foto: shavkat_muzaffar / Instagram.

«Itning Layli ko‘chasidan o‘tishi haqidagi hikoya», 2020 yil. Foto: shavkat_muzaffar / Instagram.