Farg‘ona viloyati prokuraturasi 14 yoshli voyaga yetmagan shaxs ichki ishlar muassasasida vafot etganligi holati yuzasidan dastlabki tergov harakatlari amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Jinoyat ishi doirasida 2 nafar sobiq ichki ishlar idorasi xodimlari o‘zlariga yuklatilgan vazifalariga sovuqqonlik bilan qarab, o‘z majburiyatlariga loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lgan. Oqibatda markazda saqlanayotgan voyaga yetmagan R.Abdusattorov (marhum) ikki nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchilar tomonidan kun davomida muntazam ravishda urib-do‘pposlanib, unga og‘ir darajadagi tan jarohatlari yetkazilgan va uning o‘limiga sababchi bo‘lganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan sobiq IIB markaz tarbiyachisi hamda navbatchilik smenasi inspektor-navbatchisi Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi «a» bandi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan gumon qilinuvchi sifatida jalb qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 226-moddasi tartibida ushlandi. Ikki nafar sobiq IIB xodimlariga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Eslatib o‘tamiz,14 yoshli o‘smir Qo‘qon shahar IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida tengdoshlari kaltaklashi oqibatida vafot etgandi.

YouTube`dagi kanal muallifi Olimjon Xaydarovning aytishicha, o‘smir Qo‘qon shahar IIBning uzoq vaqtdan beri jinoyat sodir etib kelgan bir necha o‘smirlar ham bo‘lgan Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan. Qayd etilishicha, bir guruh o‘smirlar uni kaltaklagan va mazax qilgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limiga «bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi» sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan. Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan 18 oktabr kuni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davomida, jinoyatga bevosita aloqador ikki nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Oradan vaqt o‘tib, Farg‘ona viloyati IIB xabar qilishicha, voqea sabab 2 nafar IIO xodimi ishdan bo‘shatilgan. Bundan tashqari, markazi rahbari ham ishdan olingan. Xizmat faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun 3 nafar xodimga «hayfsan» intizomiy jazosi tayinlangan. 4 nafar xodimning esa lavozimiga loyiq yoki noloyiqligini aniqlash maqsadida navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan.