O‘zbekistonning bir qator hududlarida elektr energiya ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Energetika vazirligi matbuot xizmati ushbu holat sabablarini ma’lum qildi.

«Kunlar keskin soviy boshlagandan so‘ng, iste’molchilarning elektr energiyasi va gazga bo‘lgan talabi ham ortib bormoqda. Shuningdek, sovuq kunlarda magistral gaz quvurlari va tarmoqlarida tabiiy gaz bosimining ham keskin pasayishi kuzatilmoqda. Buning natijasida, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi ayrim issiqlik elektr stansiyalariga belgilangan hajmlardan kam miqdorda tabiiy gaz yetib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining pasayishiga olib kelmoqda», — deyiladi bayonotda.

Vazirlikning tushuntirishicha, shunday hollarda elektr energiyasini ishlab chiqarish obektlari, yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari, transformator punktlari hamda podstansiyalarda yuklamalarning ortishi natijasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan «yirik avariyalarning oldini olish maqsadida ayrim hududlarda elektr ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar» kiritishga majbur bo‘linadi.

Bundan tashqari, ayrim hududlardagi aholida tabiiy gaz bosimining pasayishi ham kuzatilmoqda. Ta’kidlanishicha, hozirda barcha yoqilg‘i-energetika obektlarida maxsus navbatchilik shtablari tashkil etilgan, mutaxassislar yuzaga kelgan bu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda

«Iste’molchilardan ushbu vaziyatni to‘g‘ri tushunishlarini so‘ragan holda, tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarni oldini olish hamda energiya resurslari barqarorligini ta’minlash maqsadida, imkon qadar ushbu resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishlarini eslatib o‘tamiz», — deyiladi vazirlik axborotida.

Ehtimoliy blekaut haqidagi ogohlantirish

Foto: Troll.uz / Telegram.

Ijtimoiy tarmoqlarda Energetika vazirligi huzuridagi Milliy dispetcherlik markazi (MDM) direktori Muzaffar Boboyevning hududiy elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlari, «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi boshqaruv raisi, Energetika vazirligi hamda «O‘zenergoinspeksiya»ga yuborgan xati tarqaldi. Energetika vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ushbu xatning haqiqiyligini tasdiqladi.

Xatda ta’kidlanishicha, 9 noyabrdan boshlab issiqlik elektr stansiyalarida yog‘ilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq og‘ir holat vujudga kelgan. Elektr stansiyalariga 12 noyabr kuni kelishilgan jadvalga nisbatan 350 ming kub metr (12 MVt elektr energiyasi ekvivalentida) kamroq gaz yetkazib berilgan.

Toshkent IESga 50 ming kub metr gaz yetkazib berilgan bo‘lib, bu kelishilgan jadvaldan 270 ming kub metrga kam. Stansiyada energobloklar texnologik parametrlari me’yor ko‘rsatkichlaridan tushishi va uskunalar shikastlanishini oldini olish maqsadida 1-son bug‘-gaz qurilmasi (360 MVt) va ikki energoblok to‘xtatilgan.

Oqibatda stansiyada umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarilishi mazut yoqilg‘isi yoqish hisobiga 500 MVt gacha (belgilangan rejadan 600 MVt kam) tushib ketgan. Elektr energiyasi balansini ta’minlash va energetika tizimida og‘ir oqibatli yirik favqulodda avariya holatlari (blekaut) yuzaga kelishining oldini olish maqsadida hamda tuman elektr ta’minoti korxonalari tomonidan 6,10 kV tarmoqlardan kiritilayotgan cheklovlar samarasizligi sababli MDM maxsus jadvalga asosan yuqori kuchlanishli tarmoqlarni o‘chirgan. Bu chora elektr energiyasi iste’moli kamaytirish imkonini bergan.

«Yuzaga kelgan favqulodda vaziyat sabab tizimda og‘ir oqibatli avariya holatlarini oldini olish hamda iste’molchilar ta’minotida tartibsiz uzilishlarni bartaraf etish maqsadida 12 noyabrdan boshlab alohida topshiriq bo‘lganga qadar MDM tomonidan berilayotgan soatlik elektr energiyasi iste’moli topshirig‘ini qat’iy bajarishingiz so‘raladi. MDMing mintaqaviy va hududiy bo‘linmalari tomonidan elektr talab qilingan qiymatlarga tushirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarni bajarmaslik Markaziy Osiyo yagona elektr energetikasi tizimida O‘zbekiston energotizimining aybi bilan yirik oqibatli avariyalarga sabab bo‘lishi mumkin», — deyiladi markaz xatida.

Qayd etish joiz, 13 noyabr kuni Toshkent viloyatidagi Amirsoy tog‘-chang‘i kurorti ham elektr ta’minotidan uzilib qolgani, buning oqibatida kurortdagi dor yo‘li ishlamay qolgani haqida xabar berilgan edi.

Energetika vazirligi Amirsoy haqidagi axborotni tasdiqladi, ammo bu holat kurort elektr uskunalaridagi nosozlik sabab yuz berganini qayd etib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatmagan. 16:44 da e’lon qilingan axborotda nosozliklar bartaraf etilgani va dor yo‘li yana ishlayotgani ma’lum qilingan.

2022 yilning 25 yanvar kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda elektr ta’minotidan ommaviy uzilish yuz bergan edi. Ushbu avariyani o‘rganib chiqqan davlatlararo komissiyaning mart oyida e’lon qilingan xulosasida yanvardagi blekaut O‘zbekiston energotizimidagi uzilish oqibatida yuz bergani ko‘rsatib o‘tilgan.