Toshkent viloyatidagi Angren issiqlik elektr stansiyasining energoblokida 13 noyabr, yakshanba kuni nosozlik yuzaga keldi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati. Vazirlikning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, soat 15:14 da energobloklardan biri o‘chib qolgan.

«Ushbu nosozlikni bartaraf etish ishlarini jadallashtirish maqsadida energetika vaziri [Jo‘rabek Mirzamahmudov] boshchiligida vazirlik rahbariyati zudlik bilan mazkur stansiyaga yetib bordi», — deyiladi vazirlik axborotida.

Nosozlikni bartaraf etish bo‘yicha maxsus brigada tashkil etilgan. Energetika vazirligi ta’mirlash ishlari qisqa vaqt ichida yakunlanishini ta’kidlamoqda.

«Hozirda Angren shahriga elektr energiyasi barqaror yetkazib berilmoqda, shuningdek, qisqa vaqt ichida issiqlik energiyasi yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yiladi», — deya qo‘shimcha qilingan vazirlik axborotida.

Angren IES O‘zbekistonning energetika tizimi tarkibiga kiradi. U Angrenni va Toshkent viloyatining boshqa hududlarini elektr va issiqlik bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan. Elektr stansiyaning o‘rnatilgan quvvati — 393 MVt. Stansiya Angren konining qo‘ng‘ir ko‘mirida ishlaydi. IES uskunalari quvvati 53 MVt, 54 MVt, 68 MVt (ikkita) bo‘lgan turboagregatlar, shuningdek, quvvati 150 MVt bo‘lgan energoblokni o‘z ichiga oladi.

«Gazeta.uz» 2020 yilning iyunida «Angren IES» ustidan boshqaruv «Yangi Angren IES» hamda ko‘mir va kaolin qazib olishga ixtisoslashgan «O‘zbekko‘mir» korxonasi bilan birgalikda Qozog‘istonning «Gorniye raboti» kompaniyasi tomonidan ta’sis etilgan Central Asia Energy kompaniyasiga o‘tgani haqida xabar bergandi. «Issiqlik elektr stansiyalari» kompaniyasi rahbari Ruslan Mubarakshin Angren va Yangi Angren IESlar Qozog‘istonning «Gorniye raboti» kompaniyasiga berilishi haqida 2019 yil iyunidayoq ma’lum qilgan edi. U stansiyalar uch yilga ishonchli boshqaruvga topshirilishini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy gazdan foydalanishni imkon qadar kamaytirish va ko‘mir yoqish ulushini ko‘paytirish rejalashtirilgan edi.

Ayrim OAVlar stansiyalar boshqaruvi SFI Management Group’ning qo‘lida ekani haqida yozgan. Ma’lumot uchun, Angren IES 2021 yilni eng ko‘p zarar bilan yakunlagan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatida oltinchi bo‘lgan (zarar miqdori 87,6 mlrd so‘m).