Juma va dam olish kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deb xabar berdi O‘zgidromet.

Havo harorati kechalari 0−5 daraja iliq, ba’zi joylarda esa -2 darajagacha, kunduz kunlari +9…+14 darajagacha bo‘ladi.

Yakshanba kuni kechga tomon respublikaning shimoliy hududlariga Volga bo‘yi hududlaridan bulutli massivlar kirib kelishi kutilmoqda. O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasida kechga tomon ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi.

Shimolda va cho‘l hududlarda shamol 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.