Ayni vaqtda Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar sammiti bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.

«Jahon xalqlari uchun do‘stlik va tinchlik timsoli, ilm-fan va ma’rifat o‘chog‘i bo‘lgan Samarqand shahrini „Turkiy sivilizatsiya poytaxti“ deb e’lon qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun Sizlarga samimiy minnat-dorchilik bildiraman», — Shavkat Mirziyoyev.

«Biz Turkiy dunyo buyuk tarixining yorqin sahifalari ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan birgalikda yaratilgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz», — dedi u.

«Bugungi kunda barchamiz keskin geosiyosiy ziddiyatlar, global iqtisodiy inqiroz va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari bilan bog‘liq murakkab sinovlarni boshimizdan kechirmoqdamiz. Shu sababli hozirgi tahlikali vaziyatda eng dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlarimiz umumiy yondashuvlarni belgilab olishi, sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirishi nihoyatda muhimdir. Biz har qanday qiyinchiliklarni do‘stlik, hamkorlik va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash orqali yengib o‘tishga qodirmiz», — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

U so‘nggi bir yil davomida tashkilotga Turkiyaning raisligi chog‘ida turli yo‘nalishlar bo‘yicha ancha ishlar amalga oshirilgani, o‘zaro hamkorlik yanada faollashganini alohida e’tirof etdi.

«O‘zbekiston ham o‘z raisligi davrida «Turkiy dunyo nigohi — 2040» konsepsiyasi hamda bugun qabul qilinayotgan «Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik Strategiyasi»ni samarali amalga oshirish, 170 milliondan ortiq aholi yashaydigan ulkan mintaqani o‘z ichiga olgan Tashkilotimiz nufuzini yanada mustahkamlash, va eng asosiysi — tarixi, tili va madaniyati mushtarak bo‘lgan qardosh xalqlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yuksak pog‘onaga olib chiqish niyatidamiz», — deya ta’kidladi Mirziyoyev.