O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyov musulmon dunyosi yoki musulmonlar uchun sezilarli darajada madaniy, mafkuraviy, moliyaviy, siyosiy yoki boshqa jihatdan o‘zgarishlarni amalga oshirishga qodir shaxslarni jamlagan «Jahonning eng nufuzli 500 musulmoni» («The Muslim 500») ro‘yxatiga kiritildi.

2009 yildan buyon shakllantirilib kelinayotgan ushbu ro‘yxatda ilmiy, siyosiy, diniy, biznes, fan va texnologiya, san’at, sport va boshqa sohalarda ta’sir o‘tkazish kuchiga ega bo‘lgan shaxslar (hatto ekstremistlar ham) qo‘shib boriladi. Shavkat Mirziyov ushbu ro‘yxatning 2023 yilgi qismida ilk marotaba qayd etildi.

«2021 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev 80,1 foiz ovoz to‘plab, ikki marta besh yillik muddatga saylandi. Avtoritar Islom Karimov (vafot etgunga qadar 25 yil davlatni boshqargan)dan keyin u chuqur islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirdi. Jumladan, xavfsizlik xizmatlari vakolatlarini chekladi, tashqi savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirdi va ko‘proq siyosiy erkinlikka e’tibor qaratdi. Shuningdek, qo‘shni davlatlar — AQSh, Xitoy va Rossiya bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatdi. Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari bo‘lishidan avval 2013−2016 yillarda bosh vazir lavozimida faoliyat yuritgan», — deb yoziladi hisobotda.

Shuningdek, ushbu ro‘yxatda Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon prezidentlari ham bor.

Bundan tashqari, ro‘yxatga O‘zbekiston musulmonlari idorasining sobiq raisi, marhum Usmonxon Alimov ham kiritildi.

Alimov 2006 yildan boshlab vafot etguniga qadar O‘zbekistonning bosh muftiysi bo‘lib ishlagan.

U ilgari muftiy bo‘lgan Samarqand viloyatida o‘zining qat’iy pozitsiyasi va ekstremistlarga qarshi kurashishdagi isbotlangan tajribasi bilan hurmatga sazovor bo‘lgan. Alimov 2007 yilda Toshkentni ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha Islom tashkiloti poytaxti bo‘lishida katta hissa qo‘shgan.