Prezidentning «Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda «Nigoh» Telegram-kanalida ma’lum qilindi.

Hujjatga ko‘ra:

  • yuridik shaxslar tomonidan 2022 yil 1 yanvardan keyin hisoblangan jismoniy shaxslarning ish haqi va boshqa daromadlari hamda ular bo‘yicha hisoblangan soliq summalari to‘g‘risidagi arxiv hujjatlarini saqlash hamda davlat yoki nodavlat arxivlariga topshirish majburiyati bekor qilinadi;
  • yuridik shaxslar 2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat soliq xizmati va statistika organlariga elektron tarzda topshirilgan moliyaviy, soliq va statistika hisobotlarini, shuningdek, soliq organining avtomatlashtirilgan axborot tizimlari orqali elektron shaklda rasmiylashtirilgan hujjatlarni saqlash hamda davlat yoki nodavlat arxivlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi;
  • 2023 yil 1 yanvardan boshlab buxgalteriya hisobi subyektlari tomonidan moliyaviy hisobotlarni soliq va statistika organlariga har chorakda taqdim etish talabi bekor qilinadi;
  • 2023 yildan boshlab aylanmadan olinadigan soliqni qat’iy belgilangan soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydigan tadbirkorlik subyektlari yillik moliyaviy hisobotlarni soliq organlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi.

Shuningdek, 2023 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi statistik hisobot turlari bekor qilinadi.

Bundan tashqari, 2023 yil 1 maydan boshlab quyidagilarga:

  • tijorat banklariga ariza beruvchini masofadan turib identifikatsiya qilish uchun zarur shart-sharoitlar mavjud bo‘lganda, ta’sischilari O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar hamda YATTlarga bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishga;
  • yuridik shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta’minoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni, ularning iste’moli to‘g‘risidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar to‘g‘risidagi bir martalik va davriy hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirishga ruxsat etiladi.