Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Rossiyaning Ukraina hududidagi birlashgan qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni Sergey Surovikinning Dneprning chap qirg‘og‘i bo‘ylab Xerson viloyatida mudofaani tashkil etish taklifiga rozi bo‘ldi, deb xabar beradi «RIA Novosti».

«Xerson va unga tutash aholi punktlari to‘liq ta’minlana va faoliyat yurita olmaydi, odamlar hayoti muntazam ravishda xavf ostida», — dedi Sergey Surovikin.

«Buning juda qiyin qaror ekanini tushunaman. Shu bilan birga, biz, eng asosiysi, harbiy xizmatchilarimizning hayotini va umuman o‘ng qirg‘oqdagi cheklangan hududda ushlab turish istiqbolsiz bo‘lgan qo‘shin guruhlarining jangovar samaradorligini saqlab qolamiz. Bundan tashqari, kuch va vositalarning bir qismi operatsiya zonasining boshqa yo‘nalishlaridagi faol harakatlar, shu jumladan hujumkor harakatlar uchun ozod qilinadi», — dedi qo‘mondon.

Sergey Surovikinning aniqlik kiritishicha, «qo‘shinlarning manyovri yaqin orada amalga oshiriladi, qo‘shinlar va bo‘linmalar Dnepr daryosining chap qirg‘og‘ida mudofaa chizig‘i va muhandislik nuqtai nazaridan tayyorlangan pozitsiyalarni egallaydi».

Shuningdek, u avvalroq e’lon qilingan evakuatsiya vaqtida mintaqadan 115 mingdan ortiq odamni olib chiqishga erishilganini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi oxirida Rossiya o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari, shuningdek, bosib olingan Ukrainaning Zaporoje va Xerson viloyatlarida o‘zining federal subyektlari tarkibiga kirishi bo‘yicha referendumlar o‘tkazgan edi. Oradan bir necha kun o‘tib, qo‘shilish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.