O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 noyabr kuni mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Biz yozgan to‘qimachilik va zargarlik sanoatidan tashqari, qurilish va mebel sanoatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, davlat rahbari qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «sanoat ipotekasi» dasturini ishlab chiqishni taklif qilgan. Bunda, birinchi bosqichda 50 million AQSh dollari ajratiladi, ikki yillik imtiyozli davr bilan 7 yilga kreditlar beriladi.

Nukus shahri, Buloqboshi, Qorovulbozor, Forish, Chust, Paxtachi, Sariosiyo, O‘zbekiston tumanlarida qurilish materiallari industrial zonalarini, Ispaniya, Italiya va Turkiyaning yetakchi korxonalari bilan muzokara o‘tkazib, Angrenda chinni idishlar va santexnika buyumlari ishlab chiqarish klasterini tashkil qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev kelgusi yilda Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlarida kaolindan klaster usulida tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha kamida 200 million dollarlik 10 ta loyihani ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Qurilish materiallari eksportini 2023 yilda 900 million dollarga yetkazish, ichki bozor uchun 5 trillion so‘mlik qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Buxoro, Namangan, Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Xorazmdagi yuzga yaqin mahalla mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Prezident mazkur mahallalar atrofida mebel sanoati markazlarini tashkil etish zarurligini ta’kidladi. 15 ta mebel zonasi infratuzilmasi uchun 55 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, mebel ishlab chiqaruvchilar uchun bojxona imtiyozlarini 2024 yil 1 yanvarga qadar uzaytirish, bu sohada 250 ta yangi loyiha va qo‘shimcha 10 ming ish o‘rni yaratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Kelgusi yilda mebel ishlab chiqarish hajmi 5 trillion so‘mga, eksport hajmi esa 50 million dollarga yetishi kutilmoqda.