8 noyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida ikkita yo‘lovchi tashuvchi avtobus to‘qnashib ketdi. Bu haqda «Ekspress K.» nashri xabar berdi.

Voqeaga guvoh bo‘lganlarning aytishicha, 98 va 201-yo‘nalishdagi avtobuslar bir-biri bilan urilib ketishi oqibatida bog‘ tomonga burilib ketgan. YTHda 20 ga yaqin odam jabrlangan.

Shahar politsiyasi voqea joyini ko‘zdan kechirmoqda. Avariya natijasida ikkala tomon ham jiddiy zarar ko‘rgan, avtobuslarning oynalari singan.

Voqea joyida bo‘lgan Olmaota shahar harakatlanish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Simbat Mirzagulovning aytishicha, avtobuslardan biri xususiy tashuvchiga tegishli.

«98-yo‘nalish xususiy tashuvchiga, 201-yo‘nalish kommunal tashuvchiga tegishli. Baxtsiz hodisaning barcha holatlari aniqlanmoqda, keyinroq ma’lumot taqdim qilinadi», — dedi Mirzagulov.

Olmaota shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabariga ko‘ra, YTHda jami 19 kishi jabrlandi, bir kishi tibbiy yordamdan bosh tortdi.17 kishi turli tan jarohatlari bilan shahar shifoxonalariga yetkazilgan. Bir jabrlanuvchi tez yordam kelguniga qadar vafot etgan, deyiladi xabarda.