10−11 noyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti munosabati bilan Samarqand shahriga kirish yo‘llari yopiladi. Bu haqda YHXX ma’lum qildi.

«Viloyat hududidan tranzit o‘tuvchi transport vositalari uchun aylanma harakat tashkil etilganligini va maxsus flayerlar ishlab chiqilganligini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.

Haydovchilar flayerdagi QR kod orqali yo‘llarda harakatlanishlari uchun ruxsat etilgan aylanma yo‘llardan mobil ilova orqali ham ko‘rishlari mumkin.

Bundan tashqari, ushbu kunlarda Samarqand shahrining ayrim ko‘chalarida harakat vaqtinchalik cheklanadi.

Harakat qatnovi cheklangan ko‘chalarda tez tibbiy yordam va favqulodda vaziyatlar bo‘linmalari transport vositalariga istisno tariqasida harakatlanish uchun ruxsat beriladi.

Bundan avval, Samarqand aeroporti to‘rt kun — 8−11 noyabr kunlari yopilishi hamda Samarqandning O‘zbekiston — Tojikiston chegarasidagi «Jartepa» chegara bojxona postida 5−12 noyabr kunlari fuqarolar va transport vositalari harakatlanishi vaqtinchalik cheklanishi ma’lum qilingandi.