1 noyabrga qadar Toshkentning 11 ta ko‘chasida sinov tariqasida yo‘l bo‘ylab pulli to‘xtash joylari paydo bo‘lishi kerak edi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Abidov aprel oyida «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida ma’lum qilgandi.

Biroq loyihani ishga tushirishga asos bo‘luvchi hokim qarori hali qabul qilingani yo‘q, deya xabar qildi Toshkent transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev «Gazeta.uz»ga. «Hujjat tez orada imzolanadi», — dedi u.

Bugungi kunda Toshkentda avtotransport vositalari soni o‘sishi bilan birga, avtoturargohlarga, jumladan, yo‘l bo‘yidagi to‘xtash joylariga talab ham ortib bormoqda. Yo‘l bo‘ylarida to‘xtash joylari tizimli ravishda tashkil etilmagani sababli hatto poytaxt markazida ham to‘xtash joylari harakat qismidan ko‘ra ko‘proq joy egallaydigan ko‘chalar soni oshgan. Haydovchilarni taqiqlovchi belgilar bilan to‘xtatib bo‘lmaydi. Ko‘pincha ko‘chalarda mashinalar qo‘yilishini tartibga soluvchilar noqonuniy ravishda ishlayotgan bo‘ladi va ular kimgadir mashinani qo‘yishga yordam berayotganida boshqalarning o‘tishini qiyinlashtiradi.

Yakub Kolas ko‘chasiga qo‘yilgan mashinalar. Manba: Google Maps.

Mashina egalari odatda pulli to‘xtash joylari haqidagi yangiliklarni norozilik bilan kutib olishadi. Bu choralar «O‘zbekistonda hech qachon ish bermaydi», «haydovchilarimiz hech qachon avtobusga chiqmaydi» degan gaplarni eshitish mumkin. Biroq bunday munosabat faqat bizda emas. Qachonlardir «bepul avtoturargohli shaharlar» klubi azosi hisoblangan shaharlar aholisi pulli to‘xtash joylariga qarshi namoyish o‘tkazgan va parkomatlarni sindirishgan. «Gazeta.uz» dunyoning uchta shahrida pulli avtomobil qo‘yish joylari qanday joriy qilingani va bu qanday natijalarga olib kelgani haqida hikoya qiladi. Shuningdek, biz shaharsozlik bo‘yicha mutaxassislardan Toshkentga pulli to‘xtash joylari kerakmi, deb so‘radik.

Oklaxoma shahri, Oklaxoma shtati, AQSh

Parkomatlar Oklaxoma shahrida ixtiro qilingan va undan 1935 yil 16 iyuldan boshlab foydalanish boshlangan. Ularga bo‘lgan ehtiyoj XX asrda odamlarni otlardan mashinalarga ko‘chirib o‘tqazgan avtomobillar «bum»i sababli yuzaga kelgan. Agar 1913 yilda bu shaharda 3000 ga yaqin mashina bo‘lgan bo‘lsa, 1930 yilga kelib ularning soni 500 mingga yetib ulgurgan.

Bu esa to‘xtash joyiga bo‘lgan talabni oshirdi, biroq avtomobil to‘xtash joyida qancha vaqt turganini aniqlaydigan uskuna bo‘lmagani sababli bu joylar uchun to‘lov undirishning imkon yo‘q etdi. Muammoning yechimini sobiq jurnalist Karl Magi (Carl Magee) olimlar bilan birgalikda topdi. Ular mashinalar to‘xtash joyidan foydalanish uchun qolgan vaqtni hisoblaydigan mexanik qurilma — parkomatni o‘ylab topishdi. Ixtiro nafaqat tartibsiz avtoturargohlar muammosini hal qildi, balki shahar g‘aznasiga qo‘shimcha mablag‘ ham olib kela boshladi.

Biroq hamma amerikaliklar ham o‘zgarishlardan mamnun emas edi. Jurnalist Sintiya Krossen (Cynthia Crossen)ning aytishicha, ko‘pchilik mashinalarni bepul qo‘yishni o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqi deb hisoblashgan va shuning uchun ular bir vaqtlar bobolari otlarini bog‘lab ketganidek, mashinalarini ham qo‘yib ketaverishgan. Ba’zi oklaxomaliklar parkomatni «bir oyoqli o‘g‘ri» va «shaytonning quroli» deb atashgan. Ularning fikriga ko‘ra, u mashinaga egalik qilish huquqini tortib olgan.

Rasmiylarning choralariga javoban shahar aholisi turli norozilik namoyishlari uyushtiradi. Misol uchun, bir er-xotin parkomat oldiga stol va stul qo‘yib, 5 sent to‘lashadi va karta o‘ynashadi. Mahalliy amaldorlardan biri esa mashinasini to‘xtash joyiga qo‘yib, buning uchun pul to‘lamadi va bir necha soatdan keyin tarixda birinchi bor jarima qo‘llaniladi. Boshqa holatda huquqshunos mashinalar qo‘yish joylari bepul bo‘lishini talab qilib mahalliy hukumatni sudga beradi, lekin yutqazadi.

Shahar ma’muriyati qarorida qat’iy edi. Fuqarolarning noroziligiga qaramay, mashina qo‘yish joylarini joriy etishda davom etildi. Oylar o‘tib, ixtiro o‘zining foydaliligini isbotlaganidan so‘ng, xususiy kompaniyalar ham o‘z idoralari joylashgan ko‘chalarda avtoturargohlar qo‘yilishini talab qila boshladilar, deydi tarixchi Liroy Fisher. Shahar budjeti haydovchilardan to‘xtash joyidan soatiga qo‘shimcha 5 sent va har bir jarima uchun 20 dollardan olishni boshlaydi.

O‘shanda norozilar faqatgina Oklaxomada topilmasdi. 1940-yillarning boshlarida Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab 140 mingga yaqin parkomatlar o‘rnatildi. Jamiyat darg‘azab bo‘ldi, Amerikani vandalizm to‘lqini qamrab oldi: odamlar parkovkalarni sindirishar, shaybalarini sug‘urib olishar, chet el tangalari va attraksionlar jetonlarini tiqishardi.

Haydovchilarning yangi to‘lov usuliga ko‘nikishlariga uzoq vaqt kerak bo‘ldi. Ular tor ko‘chalarni aylanib bo‘sh joy izlar, ba’zilari ataylab do‘konlar oldida to‘xtashar, yuk mashinalari esa ko‘chani butunlay to‘sib qo‘yardi.

2014 yilda amerikalik tadqiqotchi Donald Shup oltita shaharda olib borilgan tadqiqotlarga asoslanib, «tirbandlikdagi avtomobillarning o‘rtacha 30 foizi to‘xtash joyi qidirayotgan bo‘ladi», deb yozgan edi. Shup — Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti professori. U samarali to‘xtash joylar mavzusiga ixtisoslashgan va bu haqda «Bepul to‘xtash joyining baland narxi» kitobini yozgan.

Uning qayd etishicha, AQShda parkomatlar o‘rniga turli obyektlar uchun mashinalar qo‘yish uchun eng kam mashina qo‘yish joyi bo‘yicha majburiy normativi o‘ylab topilgan. Kasalxonalarda karavot, restoranlarda o‘rindiqlar, kutubxonalarda pol maydoni, mehmonxonalarda xonalar mavjud. Ammo bitta mashina o‘rtacha 25−30 kvadrat metr joyni egallaganligi sababli avtoturargohlar maydoni ko‘p hollarda binolar hajmidan ham oshadi. Majburiy avtoturargohlar minimumiga rioya qilish talablaridan so‘ng, AQSh shaharlarida bepul to‘xtash joylari uchun katta-katta maydonlar ajratildi.

AQSh shaharlaridan birida avtoturargoh o‘lchamining binoga nisbati. Foto: Bepul avtoturargohning baland narxi / YouTube.

«Yer yashash uchun juda qimmat, lekin avtoturargoh uchun bepul», — deb yozadi Donald Shup.

Uning fikricha, bepul ko‘cha avtoturargohi, bu — asfaltlangan jamoat mulki bo‘lib, faqatgina bizning avtomobilga bo‘lgan talabimizni oshiradi va uning uchun hatto mashinasi bo‘lmaganlar ham to‘laydi. Buning ustiga, mashina qo‘yish jarayoning o‘zi ham yoqilg‘i sarflanishini taqozo etadi, yo‘l harakatini qiyinlashtiradi va havoni ifloslantiradi. Haydovchilar esa joy topgach, uni uzoq vaqt band qilib turadi.

AQSh misolida Shup aksariyat hollarda pulli avtoturargohlarni hisobga olmaganda, to‘xtash joylari bepul, deb shakllangan tasavvurni inkor etar ekan, aslida «pulli avtoturargohlarning narxi shahar budjeti, milliy iqtisodiyot, atrof-muhit xarajatlari tarkibiga yashiringan«ini ta’kidlaydi. Har qanday restoran yoki do‘kon to‘xtash joyi uchun to‘laydigan solig‘i narxini o‘z mahsuloti va xizmati narxiga qo‘shib yuboradi. Biznes egalari har bir non va har bir finjon kapuchino narxiga, garchi ularni faqat haydovchilar sotib olmasa ham, avtoturargoh xarajatlarini ham kiritadi.

Moskva, Rossiya

2010 yilda Moskva meri Sergey Sobyanin shahar markazini tartibsiz mashina qo‘yishlar sababli kelib chiqayotgan tirbandliklardan xalos etish vazifasini qo‘ydi. 2012 yil noyabrida Rossiya poytaxtida pulli mashina qo‘yish joriy etildi, biroq haydovchilar 2015 yilgacha isyon ko‘tarishdi. Hukumat tomonidan izchil axborot kampaniyasini o‘tkazmadi. Bulvar halqasi chegaralarida pulli to‘xtash joylari tashkil etilganidan so‘ng bunga qarshi bo‘lganlar «Pulli to‘xtash joyi — aholi qarshi!» guruhini tuzishdi.

Mashina qo‘yish qoidalarini buzganlik uchun 2500 rubl miqdorida jarima joriy etildi. Meduza nashrining yozishicha, aholi turli yo‘llar bilan faol qarshilik ko‘rsatdi: parkomatlarni CD-disklar, gazetalar, jurnallar, tushgan barglar bilan to‘ldirib tashlashdi, avtomobillar davlat raqamlarini loy bilan shuvab qo‘yishdi. Ayrimlar hovlilarga kirish joylarini egallab olishdi yoki shlagbaumlar yaqiniga mashina qo‘yishdi.

Foto: Moskvada pulli to‘xtash joyiga qarshi namoyish / Maksim Polyakov / Kommersant’.

Vaqt o‘tishi bilan Moskvada pulli to‘xtash joylarini kengaytirishga qarshi mitinglar bo‘lib o‘tdi. Ostankino, Lefortovo atrofi, «Aeroport» metro stansiyasi yaqinida va Pushkin maydonida namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Ming nafarga yaqin kishi «havo uchun to‘layapmiz», deb namoyish o‘tkazildi, deya qayd etdi Moskva viloyati mintaqaviy axborot agentligi (RIAMO).

Biroq meriya chekinmadi. Shaharning transport bilan eng ko‘p to‘lib-toshgan uchastkalari: tarixiy markazi, savdo va ishbilarmonlik markazlari, metro stansiyalari va transport almashtirish nuqtalari yaqinlarida pulli to‘xtash joylari tashkil etildi. RIAMO ma’lumotlariga ko‘ra, 2015 yildayoq poytaxtda ko‘chalarning yuklanganligi kamaygan, Bulvar halqa yo‘li ichida avtotransport harakati tezligi 12 foizga oshgan. Shu bilan birga, shahar markazida shaxsiy avtotransport 25 foiz kamroq kirishni boshlagan.

Shahar piyodalar uchun yanada qulayroq bo‘ldi. Mashina qo‘yish qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimalar haydovchilarni o‘z avtomobilini ko‘proq soatlarga qoldirish imkoniyatidan mahrum etdi. Mashina qo‘yish joylari narxlari yangi qoidalar joriy etilishidan oldingiga qaraganda bitta to‘xtash joyidan 4 barobar ko‘proq avtomobillar qo‘yish imkonini yaratdi.

Pulli to‘xtash joyi joriy etilgandan keyingi dastlabki ikki oy ichida shahar 4,3 mln rubl yig‘di, 2013 yil uchun to‘lovlar 293 mln rublni tashkil etdi. 2012−2021 yillarda Moskva avtoturargohdan 35,6 mlrd rubl daromad olishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu mablag‘lar shaharni obodonlashtirishga sarflangan.

Olmaota, Qozog‘iston

Qozog‘istonning sobiq poytaxti Olmaota shahrida pullik to‘xtash joylari 2016 yil yozida yo‘l transport oqimi kuchayishi ortidan bilan joriy qilingan edi. Loyiha «Olmaota avtoturargohlari» kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. «Vlast» internet-jurnalining yozishicha, qaror jamiyatni tarafdorlar va qarshilarga ajratdi. Ba’zilar to‘xtash joylarining joriy etilishini «sivilizatsiya sari qadam», boshqalari esa iqtisodiy yuk deb hisoblashdi. Vandalizm holatlari bo‘lgan.

Olmaotaliklar parkomatlar ishlash tizimini tushunishlari uchun vaqt kerak bo‘ldi. Haydovchilar pul to‘lamay ketib qolgan vaqtlar ham bo‘lgan. Tizimning ishlashida ham kamchiliklar mavjud edi. Misol uchun, ba’zi haydovchilar noto‘g‘ri jarimaga solindi. Hukumat ma’lumotlar bazasidan qayta tekshirib olish uchun cheklarni saqlab qo‘yishni tavsiya qildi.

Yakunda Olmaotada parkomatlarning joriy etilishi ijobiy natijalarni ko‘rsatdi, deb xabar berdi «Vlast». Tizim ishga tushirilgan dastlabki olti oy mobaynida pulli to‘xtash joylari aylanmasi, ya’ni muayyan vaqt davomida bitta to‘xtash joyidan foydalanishlar soni 5 barobarga oshdi.

«Olmaota avtoturargohlari» sayti ma’lumotlariga ko‘ra, pulli to‘xtash joylarida harakat tezligi 12 foizga oshgan, shahar markazidagi avtomobillar soni esa 15 foizga kamaygan. Kompaniya 11 mingdan ortiq to‘xtash joylarini jihozladi, 200 dan ortiq parkomatlar o‘rnatdi, onlayn to‘lov uchun mobil ilova ishlab chiqdi va inson omiliga barham berdi.

«Gazeta.uz» transportni rejalashtirish sohasi mutaxassislar bilan Toshkentda pulli to‘xtash joylari zarurligi haqida suhbatlashdi. Ularning fikrlari — keyingi maqolamizda.