O‘zbekiston tijorat banklari bugungi kunda «Mir» kartalariga xizmat ko‘rsatishda xavflar ko‘rmoqda, shu bois ushbu kartalarni qabul qilish masalasi hozircha kun tartibida yo‘q. Bu haqda, O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmurotovga tayanib, «RIA Novosti» xabar bermoqda.

«Yo‘q. Hozircha [xizmat ko‘rsatishni qayta tiklash haqidagi masala kun tartibida yo‘q]», — dedi u Samarqanddagi ikkinchi xalqaro iqtisodiy forumning norasmiy qismida O‘zbekistonda «Mir» tizimi faoliyatini qayta tiklashning ehtimoliy muddatlari haqidagi savolga javob berarkan.

Markaziy bank rahbarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston banklari ishlayotgan tizimda ikkilamchi sanksiyalar bo‘yicha «hozir ham katta xavflar mavjud».

Yagona umumrespublika protsessing markazi (Uzcard brendi) 23 sentabrdan Rossiyaning «Mir» to‘lov tizimi kartalarini O‘zbekistonda qabul qilishni to‘xtatgan edi. Ushbu cheklov Uzcard — «Mir» kobeyjing kartalariga taalluqli emas, ammo bu kartalar O‘zbekistondan tashqarida ishlamaydi. Bir qator banklarning saytlarida shunday qo‘shma kartalar haqidagi bo‘limlar olib tashlangan.

AQSh Moliya vazirligining ikkilamchi sanksiyalar xavfi haqidagi ogohlantirishidan so‘ng Qozog‘iston, Armaniston, Turkiya va Vetnamning ham bir qator banklari «Mir» kartalariga xizmat ko‘rsatishni cheklab qo‘ygan edi.